Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va Academia Park London o‘zbek startaplarini xalqaro bozorlarga chiqishida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Qaramatovning Academia Park London hammuassisi va bosh ijrochi direktori Ata Arduger bilan uchrashuvi ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida bo‘lib o‘tdi.
Muhokamaning asosiy yo‘nalishlaridan biri o‘zbek startaplarini Buyuk Britaniya va Turkiyada ilgari surish imkoniyatlari bo‘ldi.
Tomonlar investorlar, texnologik kompaniyalar va salohiyatli hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish, shuningdek, biznesning yangi bozorlarga chiqishi uchun soft landing mexanizmlarini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv ishtirokchilari London Hub tashabbusi doirasida hamkorlik qilish istiqbollari va Turkiya bozoriga qiziqish bildirgan o‘zbek startaplari uchun market-entry dasturini ishga tushirish imkoniyatini ham muhokama qildi.
Texnologik kompaniyalarni xalqaro tadbirlarda, jumladan, Money20/20da ishtirok etishi, shuningdek, biznes-missiyalar o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, tomonlar kelasi yili Turkiyada O‘zbekistonning beshta startapi ishtirokida dastur tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
IT Park Uzbekistan va Academia Park London hamkorlikdagi tashabbuslarni allaqachon amalga oshirmoqda. Academia Park 2025 va 2026 yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari delegatsiyalarining London Tech Week tadbirida, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston startaplarining ishtirok etishiga ko‘maklashdi.
Kompaniya, shuningdek, 2026 yil aprel oyida IT Park Uzbekistan‘ning GovTech Summit sammitida ishtirok etishiga yordam berdi. Academia Park ko‘magida UZINFOCOM kompaniyasi Money20/20 Europe tadbirida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Academia Park London 2023 yilda Londonda tashkil etilgan. Platforma rivojlanayotgan bozorlardagi startaplar, scaleup kompaniyalar va innovatsion korxonalarga Buyuk Britaniya hamda Yevropa bozorlariga chiqishda ko‘maklashadi.
Taqdim etiladigan imkoniyatlar qatoriga mentorlik ko‘magi, investorlar, korporativ hamkorlar, ish infratuzilmasi va biznesni xalqaro rivojlantirish dasturlaridan foydalanish imkoniyati kiradi.