Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Sergeli tumanida tijorat banklaridan birining xodimlari, tergov maʼlumotlariga ko‘ra, mijozning depozit hisobvarag‘idan 300 ming dollarni o‘zlashtirgan.
Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, I.M. ismli fuqaro bankda 500 ming dollar miqdorida depozit ochgan.
Tegishli xodimlar, taʼkidlanishicha, uning nomidan qalbaki ariza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirgan. Shundan so‘ng hisobvaraqdan 300 ming dollar yechib olingan.
Mazkur holat yuzasidan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Ayni vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.