O‘zbekiston

Buxoroda 1 oktyabrdan samokat va rikshalar harakati cheklanadi

Buxoroda 1 oktyabrdan samokat va rikshalar harakati cheklanadi
Buxoroda 1 oktyabrdan samokat va rikshalar harakati cheklanadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro shahri hokimi Quddus Tursunov shaharning tarixiy qismida yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallanmagan transport vositalari harakatini cheklash to‘g‘risida qaror imzoladi. Bu haqda Buxoro shahar hokimligi xabar berdi.

2026 yil 21 sentyabrdagi 295-2-42-Q/26-sonli qarorga muvofiq, cheklovlar Ark qo‘rg‘onidan Poi-Kalon ansambligacha, Haqiqat ko‘chasi bo‘ylab Labi-Hovuz ansambligacha bo‘lgan hududda joriy etiladi. 1 oktyabrdan mazkur hududda elektroskuterlar, rikshalar (elektromobillar), velosipedlar, samokatlar, bolalar uchun elektron avtomobillar, mopedlar, to‘rt g‘ildirakli velosipedlar, kartinglar, shuningdek, ot va tuyalarda harakatlanish taqiqlanadi.

Qarorda qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda shaharning tarixiy markazida bunday transport vositalari soni keskin ko‘paygan. Bu harakatning tartibsizlashishiga olib kelib, xorijiy va mahalliy sayyohlar, shuningdek, piyodalar xavfsizligiga tahdid yuzaga keltirgan. Hujjatda madaniy meros obyektlari hududida bunday transport vositalaridan nazoratsiz foydalanish oqibatida ekskursiya ishtirokchilarining sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan holatlar ham qayd etilgan.

Qaror Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasining 2026 yil 8 avgustdagi taqdimnomasi asosida, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 15 maydagi Buxoroda turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida rivojlantirishga qaratilgan PF-87-sonli farmonida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda qabul qilingan.

Qarorga ko‘ra, shahar ichki ishlar boshqarmasining Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi Turizm xavfsizligi boshqarmasi, davlat soliq inspeksiyasi va Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi bilan hamkorlikda ko‘rsatilgan hududga kirish va chiqish joylarida axborot ko‘rsatkichlari hamda yo‘l belgilari o‘rnatilishini taʼminlashi, shuningdek, mazkur hududda faoliyat yuritayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni yangi talablar haqida oldindan xabardor qilishi lozim.

Buxoro shahar hokimligining Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga cheklovlar tatbiq etiladigan transport vositalari egalariga maxsus ajratilgan hududlarda, xususan, «Yangi O‘zbekiston» va «Boqiy Buxoro» bog‘lari hududida o‘zini o‘zi band qilishni tashkil etish imkoniyatlarini tushuntirish vazifasi yuklatilgan.

Qaror ijrosi bo‘yicha umumlashtirilgan maʼlumot 2026 yil 1 noyabrga qadar taqdim etilishi kerak. Hujjat ijrosini nazorat qilish Buxoro shahri hokimining birinchi o‘rinbosari U. Zadayev, hokim o‘rinbosari F. Hamroyev va shahar ichki ishlar boshqarmasi YHXX bo‘limi boshlig‘i zimmasiga yuklatilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.