O‘zbekiston

Chirchiqda narkolaboratoriya tashkil qilganlar ushlandi

Chirchiqda narkolaboratoriya tashkil qilganlar ushlandi
Chirchiqda narkolaboratoriya tashkil qilganlar ushlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida narkolaboratoriya tashkil etish va giyohvandlik vositalarini tayyorlashda gumonlanayotgan to‘rt kishi ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Idora maʼlumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar Chirchiq shahridagi ko‘p qavatli uylardan biridan kvartira ijaraga olib, undan giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish uchun foydalangan.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 2000 va 2002 yillarda tug‘ilgan ushlangan shaxslar xorijdagi kuratorlar tomonidan Telegram orqali kontrabanda yo‘li bilan yetkazib berilgan gashish moyi va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlab, gashish tayyorlagan.

Kvartirani ko‘zdan kechirish jarayonida qariyb 400 gramm gashish va 5 kilogramm yarim tayyor mahsulot aniqlangan. Ashyoviy dalil sifatida giyohvandlik vositalarini quritish uchun mo‘ljallangan elektr pechi, mikser, qo‘lqoplar, himoya vositalari, tarozilar va plastik idishlar ham olib qo‘yilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida gumonlanuvchilardan biri avval Rossiyada laboratoriya sharoitida giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullangani, yana ikki nafari esa Vyetnam va Tailandda shu kabi faoliyat bilan shug‘ullangani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 276¹-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.