O‘zbekiston

Buxoroda 2,1 mlrd so‘mlik nikotin olib kirilishining oldi olindi

Buxoroda 2,1 mlrd so‘mlik nikotin olib kirilishining oldi olindi
Buxoroda 2,1 mlrd so‘mlik nikotin olib kirilishining oldi olindi / Foto: Bojxona qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari respublika hududiga olib kirilishi taqiqlangan katta miqdordagi nikotinni noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinishning oldini oldi. Bu haqda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.

Yuk mamlakat hududiga import bojxona rejimi asosida olib kirilgan. Bunda bojxona hujjatlarida mahsulot parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida deklaratsiya qilingan. Biroq «Xavflarni boshqarish tizimi» yukni «qizil yo‘lak» orqali o‘tkazish uchun yo‘naltirgan va shundan so‘ng unga nisbatan bojxona ko‘rigi o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida maxsus ekspress qurilma yordamida namunalar olindi. Ularning tahlili natijasida deklaratsiyada ko‘rsatilgan mahsulot aslida suyuq nikotin ekani aniqlandi. Bu holat X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining xulosasi bilan ham tasdiqlandi. Markaz olib qo‘yilgan modda asosan elektron sigaretalar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan suyuq nikotin ekanini aniqlagan.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, olib qo‘yilgan nikotinning umumiy og‘irligi 70 kilogrammni tashkil etgan, uning qiymati esa 2 milliard 100 million so‘mga baholangan.

Ayni paytda ish bo‘yicha barcha protsessual harakatlar yakunlangan. Olib qo‘yilgan tovar sudning tegishli qarori asosida belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.