Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tijorat banklari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-381-son qarori ijrosi doirasida mijozlar mablag‘lari va mobil qurilmalarini raqamli tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan Session-antifrod va antivirus tizimlarini joriy etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.
Session-antifrod tizimi bank operatsiyalarini xavf darajasi bo‘yicha tahlil qiladi. Tizim tomonidan yuqori xavfli deb topilgan operatsiyalar bloklanadi. Bu shubhali tranzaksiyalar orqali mablag‘larni chiqarib ketish ehtimolini kamaytiradi.
Bloklangan operatsiyalar hajmi va soni bo‘yicha «Xalq banki» yetakchilik qilmoqda — 2 221 403 ta operatsiya bo‘yicha 186,7 milliard so‘m bloklangan. Keyingi o‘rinda TBC Bank bo‘lib, 93 215 ta operatsiya bo‘yicha 175,5 milliard so‘mlik operatsiyalar bloklangan. Uzum Bankda esa 18 022 ta operatsiya bo‘yicha 68,1 milliard so‘m bloklangan.
Ro‘yxatdan SQB ham o‘rin olgan — 1 733 ta operatsiya bo‘yicha 23,7 milliard so‘m. «Ipak Yuli bank»da 1 364 136 ta operatsiya bo‘yicha 5,6 milliard so‘m, «Hamkor bank»da 103 105 ta operatsiya bo‘yicha 1,6 milliard so‘m, «Milliy bank»da 101 865 ta operatsiya bo‘yicha 0,7 milliard so‘m, «Turon bank»da 3 121 ta operatsiya bo‘yicha 7,7 million so‘m, «Ipoteka bank»da 4 ta operatsiya bo‘yicha 4,3 million so‘m va Open Bankda 6 309 ta operatsiya bo‘yicha 2,5 million so‘m bloklangan. Qolgan banklar hissasiga 14 210 139 ta operatsiya bo‘yicha 3 million so‘m to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, banklarning mobil ilovalarida zararli dasturlarni aniqlaydigan antivirus tizimlari ham ishlamoqda. Ular foydalanuvchilar qurilmalaridagi xavfli .apk fayllari va ilovalarini aniqlab, bank xizmatlaridan xavfsiz foydalanishni taʼminlaydi.
Zararli dasturiy taʼminot aniqlangani sababli foydalanish imkoniyati cheklangan qurilmalar soni bo‘yicha «Ipak Yuli bank» yetakchilik qilmoqda — 991 179 ta qurilma. Ularning 57 326 tasi keyinchalik zararli dasturlardan tozalangan.
Keyingi o‘rinlarda Orient Finans Bank — 93 117 ta qurilma, ularni tozalash bo‘yicha maʼlumotlar mavjud emas; Agrobank — 55 955 ta qurilma, shundan 30 997 tasi tozalangan; APEX BANK — 30 506 ta qurilma, 24 997 tasi tozalangan; TBC Bank — 29 154 ta qurilma, 18 181 tasi tozalangan; InFinBank — 23 707 ta qurilma, ularning barchasi tozalangan; SQB — 13 544 ta qurilma, barchasi tozalangan; “Mikrokreditbank” — 11 285 ta qurilma, 9 575 tasi tozalangan; «Tenge bank» — 6 914 ta qurilma, tozalash bo‘yicha maʼlumotlar mavjud emas; Open Bank — 5 998 ta qurilma, 4 859 tasi tozalangan.
Qolgan banklar hissasiga foydalanish imkoniyati cheklangan 25 877 ta qurilma to‘g‘ri kelgan bo‘lib, ularning 1 820 849 tasi zararli dasturlardan tozalangan.
Markaziy bankda taʼkidlanishicha, ushbu himoya mexanizmlari firibgarlik xavflarini erta bosqichda aniqlash, shubhali operatsiyalarni o‘z vaqtida cheklash hamda bank xizmatlaridan foydalanuvchilarning mablag‘lari va qurilmalarini himoya qilish imkonini beradi.