Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Turkiyaning Kasbiy malaka organi (MYK) bilan hamkorlikda xalqaro standartlarga muvofiq malaka baholash va sertifikatlashtirish tizimini joriy etadi. Bu haqda vazirlik xabar berdi.
Tizim beshta yo‘nalish bo‘yicha amal qiladi: parvarish va xizmat ko‘rsatish, elektrotexnika va quyosh panellarini o‘rnatish, CNC dastgohlari operatori bo‘lib ishlash, qurilish ishlari hamda santexnika.
Vazirlik huzurida faoliyat yuritayotgan Malaka baholash markazlari bazasida Turkiyada akkreditatsiyadan o‘tgan yirik markazlarning filiallarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Vazirlik maʼlumotlariga ko‘ra, yangi tizim fuqarolarga o‘z kasbiy malakasini xalqaro talablarga muvofiq tasdiqlash imkonini beradi hamda ularning mehnat bozoridagi imkoniyatlarini kengaytiradi.