Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 15 sentyabr kuni onlayn formatda «O‘zbekiston – Moldova» va «Moldova – O‘zbekiston» parlamentlararo hamkorlik guruhlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston parlamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv ishtirokchilari parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va ikki mamlakat o‘rtasidagi mavjud aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Parlamentlararo guruhlar faoliyatini jadallashtirish, parlament qo‘mitalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida tajriba almashishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlash va agrar sohada ilg‘or tajriba almashish zarurligi ham qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar yoshlar siyosati, taʼlim, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va gender tengligini taʼminlash masalalarini ko‘rib chiqdi. Ishtirokchilar madaniyat va sanʼat, sport hamda turizm sohalarida tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildi.