Texnologiyalar

«O‘zbekistonning 1000 genomi» loyihasi BIOME markaziga kiradi

«O‘zbekistonning 1000 genomi» loyihasi BIOME markaziga kiradi
«O‘zbekistonning 1000 genomi» loyihasi BIOME markaziga kiradi / Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «O‘zbekistonning 1000 genomi» loyihasi mamlakatda genom tadqiqotlari, bioinformatika, sunʼiy intellekt va tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni birlashtirish maqsadida tashkil etiladigan yangi BIOME hujayra texnologiyalari markazining bir qismiga aylanadi. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha memorandum 14 sentyabr kuni Seulda O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari ishtirokida imzolandi.

BIOME markazi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Ilg‘or texnologiyalar markazi negizida tashkil etiladi. U hujayra materiallarini olish va tadqiq qilish, hujayraviy mahsulotlarni ishlab chiqish hamda ularni keyinchalik klinik amaliyotda qo‘llashni qamrab oluvchi to‘liq siklli texnologik platformaga aylanadi.

Infratuzilmaning asosiy elementlaridan biri hujayra materiallari kolleksiyalarini saqlash va ilmiy tadqiqotlar uchun namunalar taqdim etishga xizmat qiladigan biobank bo‘ladi. Genom texnologiyalaridan hujayra liniyalarining xususiyatlari va barqarorligini o‘rganishda, bioinformatika hamda sunʼiy intellektdan esa biotibbiy maʼlumotlarning katta massivlarini tahlil qilish va yangi tibbiy yechimlarni izlashda foydalaniladi.

Ishlab chiqilayotgan hujayra texnologiyalarini o‘smalarni davolash, shikastlangan to‘qimalarni tiklash va mavjud davolash usullari yetarlicha samara bermaydigan kasalliklarni davolashda qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Zarur infratuzilmaning bir qismi allaqachon ishlab turibdi. Ilg‘or texnologiyalar markazi bazasida O‘zbekistondagi birinchi ildiz hujayralari banki tashkil etilgan bo‘lib, unda 1200 dan ortiq namuna saqlanmoqda. Ishlab chiqilgan hujayraviy mahsulotlar kuyishlarni davolash, to‘qimalarni tiklash, jag‘-yuz jarrohligi va oftalmologiyada qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, onkologik kasalliklarni davolash uchun NK-hujayralar asosidagi preparatni amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilgan.

Kelajakdagi BIOME infratuzilmasi tarkibiga «O‘zbekistonning 1000 genomi» loyihasi ham kiradi. Loyiha doirasida 1200 dan ortiq ishtirokchining maʼlumotlari to‘plangan bo‘lib, ularda qariyb 10 mln genetik marker mavjud. Olingan baza mamlakat aholisining genetik xaritasini shakllantirish, kasalliklar xavfini baholash va personallashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish uchun qo‘llanilmoqda.

BIOME markazining tashkil etilishi mavjud ishlanmalar va maʼlumotlarni yagona ilmiy-texnologik infratuzilmaga birlashtirish hamda O‘zbekistonda genom va hujayra tadqiqotlari ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.