O‘zbekistonda IT sohasining investitsiyaviy jozibadorligi muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda IT sektoriga investitsiya kiritish jozibadorligini oshirish va xorijiy kompaniyalarning mahalliy bozorga kirishini soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Investitsiyalarni jalb qilish masalalarini raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi S. Chakraborti ofisi vakillari bilan uchrashuvda ko‘rib chiqdi.
Muzokaralarda huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchi Mari-Enn Birken hamda strategik kommunikatsiyalar va xalqaro brending bo‘yicha ekspert Jonatan Charlz ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari xorijiy investorlar uchun yana-da qulay sharoitlar yaratish, kapital jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Asosiy yo‘nalishlardan biri mamlakatning turli tarmoqlari va hududlariga investitsiya jalb qilish bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish sifatida qayd etildi. Tomonlar axborot almashish va investorlar uchun yagona hamda tushunarli yondashuvni shakllantirish zarurligini taʼkidladi.
Xorijiy kichik va o‘rta kompaniyalarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, ularning O‘zbekiston bozoriga kirish tartib-taomillarini soddalashtirish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar IT sohasida investorlar bilan hamkorlik qilishda allaqachon qo‘llanilayotgan yondashuvlarni boshqa tarmoqlarda ham tatbiq etish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Investorga bozorga kirishdan tortib loyihani amalga oshirishga qadar barcha bosqichlarda hamrohlik qilish investitsiya muhitini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Tomonlar Enterprise Uzbekistan‘ning boshqa investitsiya platformalari bilan hamkorligini ham muhokama qildi. Ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va investorlarga mavjud imkoniyatlar haqida aniq hamda tizimlashtirilgan maʼlumot taqdim etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar qo‘shma ishlarni davom ettirish, IT sektoriga investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish hamda sohaviy tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.