Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzum “Toshkent” Respublika fond birjasida korporativ obligatsiyalarning beshinchi chiqarilishini joylashtirishni yakunladi. Obligatsiyalar 600 mlrd so‘mlik hajmda, 18 foizlik kupon daromadliligi bilan joylashtirildi.
Chiqarilgan obligatsiyalarning qariyb 60 foizi norezidentlardan jalb qilindi. Bu haqda kompaniya xabar berdi.
Yangi joylashtirishni hisobga olganda, Uzum‘ning mahalliy fond bozorida beshta chiqarilish doirasida joylashtirilgan obligatsiyalarining umumiy hajmi 2,1 trln so‘mga yetdi.
Kompaniya taʼkidlashicha, bir yarim yildan kam vaqt ichida Uzum obligatsiyalari korporativ qarz bozorining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi, kompaniyaning o‘zi esa mamlakatdagi eng yirik xususiy korporativ emitent maqomini oldi.
Shu bilan birga, 15 sentyabr kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Uzum‘ning 50 mln AQSH dollari hajmidagi birinchi valyuta obligatsiyalari chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Obligatsiyalar bo‘yicha stavka 8,5 foizni tashkil etadi.
Kompaniya mamlakatda «tartibga soluvchi sandboks» doirasida valyuta obligatsiyalarini chiqargan ilk kompaniyalardan biri bo‘ldi. Chiqarilishning anderrayteri sifatida Alkes ishtirok etdi.
Uzum jalb qilingan mablag‘larni fintex-xizmatlarni rivojlantirish, yangi mahsulotlar yaratish va raqamli iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani kengaytirishga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.