Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Behruz Karimov Shveysariya chempionati oliy divizionining 4-turidagi uchrashuvda “Lugano” safida o‘zining ilk golini urdi. “Lugano” o‘z maydonida “Sankt-Gallen”ni 4:0 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi.
19 yoshli Karimov uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi va 35-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qilib, o‘yinning yakuniy hisobini o‘rnatdi. 15-daqiqada esa o‘zbekistonlik himoyachi qattiq to‘qnashuv uchun sariq kartochka oldi.
Urgan gol Karimov uchun “Lugano” tarkibidagi birinchi va Yevropa faoliyatidagi ilk gol bo‘ldi. U joriy yil avgust oyida Termiz shahrining “Surxon” klubidan Shveysariya jamoasiga o‘tgan. Tomonlar besh yillik shartnoma imzolagan.
2026 yilgi Jahon chempionatida Karimov O‘zbekiston terma jamoasi arizasidagi eng yosh futbolchi bo‘lgan. Himoyachi asosiy tarkibda maydonga tushib, Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi guruh bosqichidagi uchrashuvlarni to‘liq o‘tkazdi. Ushbu bahslar mos ravishda 1:3 va 0:5 hisoblarida yakunlangan.
Mazkur ikki uchrashuv yakuniga ko‘ra, Karimov 15 ta to‘pni olib qo‘yish, 34 ta yakkakurash va oltita muvaffaqiyatli driblingni amalga oshirgan.