Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi hamda «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» birinchi sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va tadbirlar haqida so‘zladi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlarda maʼlum qildi.
Asadovning so‘zlariga ko‘ra, Prezident tashrifi davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlikning yangi rejalari muhokama qilindi. U davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonch va erkin muloqot muhitiga alohida eʼtibor qaratdi.
Press-kotib Mirziyoyevning Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi sobiq elchisi Li Uk Xyon bilan uchrashuvi haqida ham alohida to‘xtaldi. Suhbat davomida ular O‘zbekiston va Koreya munosabatlarini mustahkamlash bo‘yicha birgalikda ishlagan yillarni yodga oldilar.
Sammit arafasida Mirziyoyev Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi spikeri uchun koreys tiliga tarjima qilingan «Mirziyoyev doktrinasi» kitobini imzolab berdi.
Davlat tashrifi doirasida Koreya tomoni bir qator minnatdorchilik yorliqlarini tayyorladi. O‘zbekiston bayrog‘i Janubiy Koreyaning eng baland binosi — Lotte World Tower hamda Seul teleminorasida joylashtirildi.
Bundan tashqari, shahar osmonida O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi dirijabl paydo bo‘ldi, rezidensiya oldidagi favvorada esa O‘zbekiston davlat gerbi va bayrog‘ining yorug‘lik tasvirlari namoyish etildi.
Asadovning taʼkidlashicha, tashrif davomidagi ushbu eʼtibor belgilari mezbon tomonning mehmondo‘stligi va O‘zbekistonga bo‘lgan hurmatini namoyon etgan.