O‘zbekiston

Chorvoq suv omborida halok bo‘lgan uch kishini qidirish ishlari yakunlandi

Chorvoq suv omborida halok bo‘lgan uch kishini qidirish ishlari yakunlandi
Chorvoq suv omborida halok bo‘lgan uch kishini qidirish ishlari yakunlandi / Foto: FVV.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Chorvoq suv omborida 2 sentyabr kuni yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘lgan uch kishini qidirish ishlari yakunlandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi g‘avvoslari halok bo‘lgan uchinchi shaxsning jasadini bugun soat 13:35 da aniqladi.

Fojia Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida oilaning katerda sayr qilishi vaqtida sodir bo‘lgan. Erkaklardan biri cho‘milish uchun suvga tushgan, biroq qutqaruv jileti bo‘lmagani sababli cho‘ka boshlagan. Unga yordam berish uchun akasi va otasi ham suvga sakragan. Natijada uchalasi ham halok bo‘lgan.

Jasadlarning birinchisi — kichik o‘g‘ilniki — qutqaruvchilar tomonidan 9 sentyabr kuni topilgan. Bugun ikkinchi o‘g‘il va uning otasining jasadlari ham aniqlandi.

Qidiruv ishlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida maxsus tashkil etilgan shtab kuchlari tomonidan olib borildi. Ishlarga qo‘shimcha ravishda Jizzax va Sirdaryo viloyatlari favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining kuch va vositalari ham jalb qilindi. Qidiruv jarayonida zamonaviy maxsus uskunalardan ham foydalanildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Chorvoq suv omborining hajmi va chuqurligi katta bo‘lishiga qaramay, halok bo‘lgan uch kishining jasadlarini nisbatan qisqa vaqt ichida aniqlashga muvaffaq bo‘linganini taʼkidladi.

Fuqarolarga suv havzalari yaqinida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish tavsiya qilindi.

 

Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.