O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

O‘zbekiston Senati nizosiz talablarni taqdim etish jarayonini soddalashtirdi

Dilafro'z Niyazova · 10.09.2026 · 13:50 · 34 views
O‘zbekiston Senati nizosiz talablarni taqdim etish jarayonini soddalashtirdi
O‘zbekiston Senati nizosiz talablarni taqdim etish jarayonini soddalashtirdi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada erkinlashtirish, sudlarda ish hajmini va ortiqcha byurokratiyani kamaytirish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda notariat institutiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qonun bilan Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslariga, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlarga nizosiz talablar boʻyicha sud buyrugʻini chiqarish doirasini qisqartirishni, notariat faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etishni va notarial harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarni maqbullashtirishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartirishlar kiritilib, qonuniy kuchga kirgan sud hujjati ustidan shikoyat qilinganda uning ijrosini yuqori instansiya sudida toʻxtatib turish mexanizmi takomillashtirilmoqda.

Yangi normalarga koʻra qonunda belgilangan mezonlarga mos, BHMning ming baravarigacha boʻlgan nizosiz talablar boʻyicha notariusga murojaat qilish imkoniyati kengaymoqda. Bu orqali bunday talablarni sud tartibiga murojaat qilmasdan, notarius orqali rasmiylashtirish va ijroga qaratish mexanizmi soddalashtiriladi.

Shuningdek, notariuslar tomonidan rasmiylashtiriladigan QR-kodli ijro xatlarini elektron shaklda ijro organlariga toʻgʻridan-toʻgʻri yuborish imkoniyati yaratilmoqda.

Bu hujjatlarni qogʻoz shaklida taqdim etish bilan bogʻliq ortiqcha jarayonlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida sud hujjatlari ijrosini toʻxtatib turish asoslari aniqlashtirilmoqda.

Bunda ijroni toʻxtatib turishni soʻragan shaxs bunday chora koʻrilmasa, qaytarma ijroni qiyinlashtirishi yoki uni bajarib boʻlmaydigan qilib qoʻyishi mumkinligini asoslashi lozim boʻladi.

Senatorlar mazkur oʻzgartishlar sudlar ish yuklamasini kamaytirish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining vaqti va xarajatlarini tejash, nizosiz talablarni tezkor rasmiylashtirish hamda ijro samaradorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.