Rossiyadan 12 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiyaning turli hududlarida qarovsiz qolgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 12 nafar voyaga yetmagan bola 2026 yil 29 avgust kuni Vatanga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston Bolalar ombudsmani ofisi xabar berdi.
Bolalarning qaytarilishi O‘zbekistondagi Bolalar ombudsmani va Rossiyaning Bolalar ombudsmani o‘rtasidagi hamkorlik natijasi bo‘ldi. Rossiyada bo‘lgan vaqt davomida voyaga yetmaganlar turgan joylaridagi bolalar muassasalariga joylashtirilgan.
Rossiya Bolalar ombudsmanining ko‘magida bolalar Novosibirsk, Qozon, Tula va Moskva viloyatida bo‘lgan davrda zarur sharoitlar bilan taʼminlangan. Ularga maxsus parvarish, yashash joyi, ovqatlanish, kiyim-kechak va zarur buyumlar taqdim etilgan.
29 avgust kuni Ichki ishlar vazirligi vakillari 12 nafar bolaning barchasini O‘zbekistonga olib keldi.
Hozirda mamlakatga qaytarilgan voyaga yetmaganlar Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga vaqtincha joylashtirilgan.
O‘zbekiston Bolalar ombudsmani xorijda qarovsiz qolgan bolalarni mamlakatga qaytarish maqsadida xorijiy hamkorlar va milliy idoralar bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini bildirdi.