Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil yanvar–sentyabr oylarida reimbursatsiya dasturi doirasida O‘zbekistonning 1 312 748 nafar aholisi dori vositalarini bepul oldi.
Dori vositalari xarajatlarini qoplash uchun Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 248,2 milliard so‘m yo‘naltirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Har bir fuqaroga o‘rtacha qariyb 189 ming so‘mdan to‘g‘ri kelgan. To‘qqiz oy davomida 5,9 millionta elektron retsept rasmiylashtirilgan bo‘lib, ular asosida bemorlar dori vositalarini olgan.
Vazirlik taʼkidlashicha, ushbu dastur uzluksiz davolanishga muhtoj fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega.
Yil davomida berilgan dori vositalari hajmi oshib borgan. Sentyabr oyida mamlakat bo‘ylab bemorlarga yanvar oyiga nisbatan 52 foiz ko‘proq dori vositalari berilgan.
Reimbursatsiya mexanizmi uch bosqichdan iborat. Avval shifokor bemorga elektron retsept yozib beradi, keyin fuqaro dorixonadan dori vositasini oladi, davlat esa dorixonaga uning qiymatini qoplab beradi. Oilaviy shifokor tavsiyasiga ko‘ra, aholiga qariyb 28 turdagi dori vositalari bepul beriladi.
Eng ko‘p mablag‘ Toshkent shahriga yo‘naltirilgan — 48,1 milliard so‘m. Keyingi o‘rinlarda 43,5 milliard so‘m bilan Samarqand viloyati va 35 milliard so‘m bilan Buxoro viloyati qayd etilgan. Xorazm viloyatiga 32,6 milliard so‘m, Qashqadaryo viloyatiga 28,3 milliard so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga esa 27,4 milliard so‘m ajratilgan.
Navoiy viloyatiga 14,5 milliard so‘m, Sirdaryo viloyatiga 9 milliard so‘m to‘g‘ri kelgan. Andijon viloyatida to‘lovlar 2,9 milliard so‘mni, Farg‘ona viloyatida 2,6 milliard so‘mni, Surxondaryo viloyatida 1,7 milliard so‘mni, Namangan viloyatida esa 1,2 milliard so‘mni tashkil etgan.
Eng kam mablag‘ Toshkent va Jizzax viloyatlariga ajratilgan — mos ravishda 0,9 milliard va 0,6 milliard so‘m.