Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik fermer va tadbirkor, “Quva anori” agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfutdinova FAOning “Agrooziq-ovqat tizimlari va qishloq taraqqiyotidagi 100 nafar qahramon ayol” global tashabbusi doirasida taqdirlandi.
Taqdirlash marosimi 15-oktabr kuni Butunjahon oziq-ovqat forumi doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Rimdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
2026-yil — Xalqaro ayol fermerlar yili munosabati bilan yo‘lga qo‘yilgan tashabbus qishloq xo‘jaligi, agrooziq-ovqat tizimlari va qishloq taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan ayollarning mehnati, yetakchiligi va innovatsion yondashuvlarini e’tirof etadi. Masturaxon Sayfutdinova ushbu tashabbus doirasida ilk bor taqdirlangan 100 nafar ayol safidan o‘rin oldi.
Sayfutdinovaning faoliyati O‘zbekistonda mevachilik, ayniqsa, anorchilikni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq. Uning rahbarligida “Quva anori” agrofirmasida zamonaviy yetishtirish usullarini joriy etish, bog‘larni kengaytirish hamda hosil yig‘ib olingandan keyingi infratuzilmaga sarmoya kiritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yondashuv mahsulot yo‘qotishlarini kamaytirish, sifatni saqlash va bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Uning tashabbuslari bog‘dorchilikdagi qiymat zanjirlarini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va O‘zbekiston meva mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shmoqda. Iqlimga chidamli ishlab chiqarish amaliyotlarini rivojlantirish esa xo‘jalik faoliyatining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
“Oddiy fermer ayol sifatida bugun Rimda, FAO bosh qarorgohida turganimga hali ham ishona olmayapman. Mehnatimga berilgan yuksak e’tirof uchun FAOga chin dildan minnatdorman. Bu men uchun katta quvonch, shu bilan birga, faoliyatimni davom ettirish va tajribamni boshqa fermerlar bilan bo‘lishish uchun kuchli rag‘batdir.
Bu marosimda kundalik mehnati ko‘pincha ko‘zga tashlanmaydigan, ammo oilasi va qishlog‘i hayotida muhim o‘rin tutadigan ayollarning e’tirof etilishi meni ayniqsa ta’sirlantirdi. Dalada mehnat qilayotgan, mahsulot yetishtirayotgan va yangi ish o‘rinlari yaratayotgan ayollarning tajribasi xalqaro miqyosda qadrlanishi biz, fermer ayollar uchun juda katta ahamiyatga ega.
Shuningdek, faoliyatimizni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar uchun O‘zbekiston Prezidentiga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Ushbu e’tirof menga yanada katta mas’uliyat yuklaydi”, — dedi “Quva anori” agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfutdinova.
Sayfutdinovaning faoliyati tadbirkorlik bilan cheklanmaydi. U nashrlar, fermerlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari va ustozlik orqali o‘z bilim hamda tajribasini boshqalar bilan bo‘lishib kelmoqda. Bu ishlar fermerlarning zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirishi va amaliyotga tatbiq etishiga ko‘maklashib, tarmoq rivojiga xizmat qilmoqda.
FAO Masturaxon Sayfutdinovaning yetakchiligi, fidoyiligi hamda agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga qo‘shgan amaliy hissasini e’tirof etdi. Uning qishloq aholisi turmush sharoitini yaxshilash, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va kelajak avlodlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasidagi faoliyati alohida qayd etildi.
“100 nafar qahramon ayol” tashabbusi doirasida agrooziq-ovqat qiymat zanjirlarining turli bosqichlarida faoliyat yuritayotgan ayollar taqdirlandi. Ular orasida bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirayotgan, an’anaviy bilimlarni asrayotgan, tabiiy resurslarni muhofaza qilayotgan hamda qishloq aholisi uchun ish va ta’lim olish imkoniyatlarini yaratayotgan ayollar bor.
Masturaxon Sayfutdinovaning xalqaro miqyosda e’tirof etilishi O‘zbekiston ayollarining qishloq xo‘jaligidagi tajribasi, tadbirkorlik salohiyati va yetakchiligini yoritadi. Uning faoliyati bilim, innovatsiya va tajriba almashish orqali yanada samarali, inklyuziv, bardoshli va barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga qo‘shilayotgan amaliy hissani namoyon etadi.