Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi bir necha kun oldin mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosini yurtiga deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi maʼlum qildi.
Elchixona maʼlumotlariga ko‘ra, erkak Yaponiyaga «Texnik stajyor» vizasi bilan kelgan. Vizaning amal qilish muddati tugaganidan keyin u mamlakatda noqonuniy qolgan, keyinchalik esa mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Elchixona Yaponiyada noqonuniy bo‘lib turish yoki ruxsatsiz ishlash uchun qatʼiy choralar belgilanganini eslatdi.
Qoidabuzarlar politsiya tomonidan ushlanishi va hibsga olinishi, immigratsiya markaziga joylashtirilishi hamda deportatsiya qilinishi mumkin.
Bundan tashqari, Yaponiya hukumati qoidabuzarlar haqidagi maʼlumotlarni O‘zbekiston hukumatiga taqdim etadi. Shu sababli ular vatanga qaytganidan keyin ham tegishli choralar ko‘rilishi mumkin.
Elchixona fuqarolarni o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga va «Yaponiyada ishlash mumkin» kabi yengil-yelpi vaʼdalarga ishonmaslikka chaqirdi.
Diplomatik vakolatxona, shuningdek, keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalardan biriga alohida eʼtibor qaratdi. Ayrimlar qochqin maqomini olish uchun ariza berish Yaponiyada uzoq vaqt qolish yoki ishlash imkonini beradi, deb hisoblaydi. Elchixona bunday maqsadda ariza topshirish mumkin emasligini taʼkidladi.
Agar qochqin maqomini berish rad etilsa, shaxs immigratsiya markaziga joylashtirilishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin. Ariza topshirishda yolg‘on maʼlumotlar berish yoki firibgarlik usullaridan foydalanish jiddiy huquqiy choralarga sabab bo‘lishi mumkin.