7
Sport

FIFA 2027 yilgi U-20 jahon chempionati brendini taqdim etdi

FIFA 2027 yilgi U-20 jahon chempionati brendini taqdim etdi
FIFA 2027 yilgi U-20 jahon chempionati brendini taqdim etdi / Foto: FIFA.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2027 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining rasmiy brendini taqdim etdi.

Musobaqaning «Sen o‘yinni shakllantirasan» (U Shape The Game) shiori yosh futbolchilarni o‘z isteʼdodini namoyon etishga va futbol tarixida o‘z izini qoldirishga ilhomlantirishga qaratilgan.

Brend konsepsiyasi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining iqtidorli futbolchilar o‘z qobiliyatlarini namoyon etishi, xalqaro tajriba orttirishi va jahon miqyosida o‘zini tanitishi mumkin bo‘lgan maydon sifatidagi ahamiyatini taʼkidlaydi.

Rasmiy emblema asosida O‘zbekiston va Ozarbayjonning madaniy merosiga oid elementlar yotadi.

Milliy naqshlar va mozaika motivlari anʼanaviy bezaklar, geometrik shakllar hamda yorqin ranglar uyg‘unligi orqali zamonaviy ko‘rinishda ifodalangan.

Emblemaning markaziy elementi — uslublashtirilgan “U” harfi. U yosh futbolchilarning o‘z kelajagini mustaqil shakllantirish va futbol rivojiga taʼsir ko‘rsatish salohiyatini anglatadi. Ranglar palitrasida ko‘k-yashil, yashil, binafsha va qizil tuslar qo‘llanilgan bo‘lib, ular ikki mamlakatni yagona vizual konsepsiyada birlashtiradi.

FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryom o‘z mamlakati bayrog‘i ostida jahon chempionatida ishtirok etish yosh futbolchi faoliyatidagi muhim yutuqlardan biri ekanini taʼkidladi.

Musobaqa, shuningdek, turli o‘yin uslublari bilan tanishish, yangi muhitga moslashish va boshqa mamlakatlarning kuchli tengdoshlari bilan maydonda kuch sinashish imkonini beradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, FIFA O‘zbekiston va Ozarbayjon bilan birgalikda ishtirokchilar o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi va unutilmas tajribaga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlarni yaratishni maqsad qilgan.

Brend taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar ikki mamlakat poytaxtlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqaga tayyorgarlik jarayonida rasmiy emblema Boku va Toshkentning diqqatga sazovor obyektlarida namoyish etiladi.

Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (AFFA) prezidenti Rovshan Najaf chempionat yosh futbolchilarga xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatish, yangi tajriba orttirish va sport faoliyatida muhim qadam tashlash imkonini berishini taʼkidladi. Shuningdek, u musobaqa muxlislarning futbolga bo‘lgan qiziqishini oshirishi va yosh isteʼdodlarning rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov musobaqaning O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashi hamda butun dunyo futbol muxlislarining eʼtiborini jalb etishini qayd etdi.

2027 yilgi U-20 jahon chempionati musobaqaning 25-mavsumi bo‘ladi. U 1977 yilda Tunisda o‘tkazilgan ilk yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining 50 yilligi nishonlanadigan yilga to‘g‘ri keladi.

Turli yillarda ushbu musobaqada keyinchalik jahon futboli yulduzlariga aylangan Diyego Maradona, Lionel Messi va Erling Xoland kabi futbolchilar ishtirok etgan.

2027 yilgi chempionat yosh futbolchilarga o‘zini namoyon etish, muxlislarga esa jahon futbolida kelajakda yulduzga aylanishi mumkin bo‘lgan iqtidorlarni tomosha qilish imkonini beradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.