7
O‘zbekiston

Toshkentda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari va energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi

Toshkentda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari va energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi
Toshkentda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari va energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi / Foto: "Yuksalish".

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari va energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan axborot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini qoplash bo‘yicha amaldagi kompensatsiya tartiblari, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘lamini kengaytirish yuzasidan takliflar hamda energiya samarador texnologiyalarni joriy etish uchun ajratilayotgan davlat subsidiyalarini muhokama qildilar.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi hamda “Yuksalish” harakati bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Uchrashuvda davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), biznes va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Madina Azizova tarif islohotlari davrida ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya to‘lash tartibi hamda ijtimoiy yordam qamrovini kengaytirish bo‘yicha takliflar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2025-yil va 2026-yilning dastlabki 9 oyida kompensatsiya to‘lovlariga jami 156,6 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Qariyb 470 mingdan ortiq         oila ushbu yordamdan foydalangan. Amaldagi tartibga ko‘ra, ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi uchun oyiga 37,5 ming so‘mgacha, tabiiy gaz uchun esa mavsumga qarab 135 mingdan 225 ming so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi.

Uchrashuvda 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida ijtimoiy himoya choralarini kuchaytirish bo‘yicha takliflarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 1 million 17 ming oilaga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratish, kompensatsiya olish uchun daromad mezonini minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 baravaridan 2 baravarigacha oshirish hamda ijtimoiy yordam qamrovini qo‘shimcha 166 ming oilaga kengaytirish rejalari taqdim etildi.

Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya to‘lash muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish, ko‘mir xaridi va suyultirilgan gaz bilan bog‘liq kompensatsiya masalalari, gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan yoki cheklangan hududlarda esa isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy iste’mol me’yorini 200 dan 350 kVt·soatgacha oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Tadbir davomida Energiya samaradorligi milliy agentligi bo‘lim boshlig‘i Obid Ahmedov aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan amaldagi subsidiyalar hamda moliyaviy rag‘batlantirish choralari haqida taqdimot qildi.

Mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari turar joylarda energiya auditi o‘tkazish xarajatlarini to‘liq qoplash, quyosh panellari qiymatining 20 foizini va issiqlik nasoslari qiymatining 40 foizigacha bo‘lgan qismini kompensatsiya qilishni nazarda tutadi. Korxonalar uchun ham qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va energiya auditi o‘tkazishga doir moliyaviy rag‘batlantirish choralari belgilangan.

Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan iCRAFT loyihasi guruhi bo‘lim boshlig‘i Shohijahon Xurramzoda ham aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari muhokamasida qatnashdi. U davlat organlari, fuqarolik jamiyati va boshqa manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.

Uchrashuv doirasida ochiq muloqot tashkil etilib, ishtirokchilar davlat idoralari vakillariga savollar berdilar, yordam olish jarayonida yuzaga kelayotgan amaliy qiyinchiliklar va kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Tadbirda aholini davlat yordam dasturlari haqida kengroq xabardor qilish, energiya samarador texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda davlat, fuqarolik jamiyati va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.