Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qilmoqda. Davlatimiz rahbari so‘nggi oyda ular bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda bildirilgan takliflar, yer ajratish, ruxsat olish va to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar o‘rganilganini ta’kidladi.
Uch yil avval boshlangan ushbu loyiha doirasida davlat infratuzilma, stadion, universitet va kutubxona kabi muhim obyektlarga yirik mablag‘ yo‘naltirmoqda. Hozirga qadar Yangi Toshkentga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi. Shu bilan birga, qurilishga xususiy sektorni jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.
Yangi shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Yangi aeroport bilan birga hududning investitsiya salohiyatini 200 milliard dollargacha yetkazish mumkin.
Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablag‘i hisobidan qurilish ketmoqda. Tadbirkorlarga esa bor-yo‘g‘i 94 gektar yer ajratilgan.
– Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas, – dedi Prezidentimiz.
Bu yer zamonaviy biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi kerak. Lekin hozirgacha ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelmoqda.
Investorlarga berilgan 28 ta lotda faol qurilish boshlanmagan. Davlatimiz rahbari buni sarmoyadorlarda mablag‘ yoki xohish yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini aytdi. Eskicha talablar, cho‘ziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘siq bo‘lmoqda. –Investor esa kutmaydi. U ko‘mak va kafolat sezmasa, mablag‘ini boshqa bozorga yo‘naltiradi,– dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, loyihani ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayon qayta ko‘rib chiqilishi zarurligi ta’kidlandi.
Ayni paytda Yangi Toshkentda yerga talab ortib bormoqda. Bir gektarning o‘rtacha qiymati 2024-yilda 10 milliard so‘mga yetmagan bo‘lsa, hozir 19 milliard so‘mga chiqqan.
Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratish degani. Prezidentimiz aholiga dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlari uylar bilan bir vaqtda zarur bo‘lishini ta’kidladi.
Yangi shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion qurilmoqda. U kelasi yil 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar uchun mehmonxona, kafe, restoran va ko‘ngilochar maskanlarga ehtiyojni aniq hisoblab, tadbirkorlarga ochiq taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
Shaharning ishbilarmonlik hayotini shakllantirishda davlat idoralarining ko‘chishi ham muhim. Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yengil konstruksiyali binolarda ishlamoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun 9 ta bino qurilyapti.
Bosh vazirga qolgan vazirliklar va davlat tashkilotlarining ham Yangi Toshkentga ko‘chishini boshlash topshirildi. Zarur hollarda ularning poytaxtdagi mavjud binolarini buzib qayta qurish huquqisiz, joriy ta’mirlab foydalanish sharti bilan sotish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentning master rejasi mukammal shahar qurish uchun ishlab chiqilganini, biroq u sarmoyadorlar tashabbusiga to‘siq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Agar o‘ziga xos loyiha shahar manfaatiga xizmat qilsa, lot maydoni yoki obyekt turini o‘zgartirish haqidagi taklif qo‘llab-quvvatlanishi lozim.
Bunga huquqiy imkoniyat bor. Ammo takliflarni ko‘rib chiqish tartibi murakkab va yetarlicha shaffof emas, ayrim qarorlar oylab cho‘zilmoqda. Shu sababli investor takliflarini tez va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqish talab etildi.
“Sankt-Peterburg” mavzesiga tadbirkorlar qiziqishi bejiz emas: uning konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyor. Direksiyaga shunday tayyor loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi Toshkentning “tashrif qog‘ozi”ga aylanadigan yirik tijorat obyektlari ham kerak. Hozirgacha sotilgan 54 ta lotdan atigi 3 tasidagi loyiha qiymati 100 million dollardan oshadi.
Shu maqsadda ochiq tashabbus va “Swiss challenge” tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Tashabbus ochiq e’lon qilinadi. Agar boshqalar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer birinchi tashabbuskorga ajratiladi.
Yangiliklar yangilanmoqda