O‘zbekiston

Toshkent viloyatida bank xodimi 100 ming dollar olgan vaqtida ushlandi

Toshkent viloyatida bank xodimi 100 ming dollar olgan vaqtida ushlandi
Toshkent viloyatida bank xodimi 100 ming dollar olgan vaqtida ushlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida banklardan birining hududiy markazi mahallalar va davlat dasturlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i yer uchastkalari uchun noqonuniy pul mablag‘lari olganlikda gumon qilinib, qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish doirasida o‘tkazildi.

Departament maʼlumotlariga ko‘ra, bank xodimi Quyi Chirchiq tumani hokimligi balansida bo‘lgan 16,05 gektarlik yer uchastkasini sotish uchun xaridordan 4,25 mln dollar talab qilgan.

Mazkur yer uchastkasi 2024 yilda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan elektron onlayn-auksion orqali chorvachilik maqsadlarida foydalanish uchun ijara huquqi asosida uning otasiga sotilgan.

Bundan tashqari, gumonlanuvchi hokimlik zaxirasida bo‘lgan yana 4 gektar yerni o‘ziga tanish mansabdor shaxslar orqali rasmiylashtirib berish evaziga ham pul mablag‘lari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida bank xodimi talab qilingan mablag‘ning avansi sifatida 100 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.