O‘zbekiston

Tanzila Narbayeva va Natalya Kochanova parlamentlararo va iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi

Tanzila Narbayeva va Natalya Kochanova parlamentlararo va iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi
Tanzila Narbayeva va Natalya Kochanova parlamentlararo va iqtisodiy hamkorlikni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekistonga to‘rtinchi O‘zbekiston–Belarus parlamentlararo forumida ishtirok etish uchun kelgan Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar parlamentlararo muloqotni yana-da rivojlantirish va ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Parlament qo‘mitalari o‘rtasida muntazam tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish va aloqalarni faollashtirish, shuningdek, parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlarning roli qayd etildi.

Muzokaralarning alohida qismi savdo-iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlandi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, parlament diplomatiyasining o‘zaro savdo hajmini yana-da oshirish va qo‘shma tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga ko‘maklashishdagi roli taʼkidlandi.

Tomonlar, shuningdek, mehnat migratsiyasini tartibga solish va fuqarolarni ish bilan taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Jumladan, mehnat faoliyatini qonuniy amalga oshirish uchun sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, fuqarolarning mehnat, tibbiy va ijtimoiy huquqlariga rioya etish va ularni kafolatlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratildi. Tomonlar taʼlim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladi.

Xususan, Madaniyat kunlari, rektorlar forumlari va tibbiyot forumlarini muntazam o‘tkazishni izchil davom ettirish, shuningdek, yoshlar tashabbuslari va ikki mamlakat o‘quvchilari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvning yana bir yo‘nalishi tadbirkorlik faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi. Tomonlar parlament diplomatiyasi salohiyatidan yana-da samarali foydalanish va O‘zbekiston–Belarus ayollar biznes-forumlari doirasida erishilgan kelishuvlarga amaliy tus berish zarurligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, mintaqalararo aloqalarni mustahkamlash, biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro parlament tashkilotlari va platformalari doirasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.

O‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekiston va Belarus parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda keng ko‘lamli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni ilgari surish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.