Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Primorye o‘lkasi xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Konstantin Sidorenko bilan hududlararo hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Uchrashuv O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi doirasida «Farg‘ona Ekspo» ko‘rgazma majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, hududlar o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Asosiy yo‘nalishlardan biri Farg‘ona viloyati mahsulotlarini Rossiya bozoriga olib chiqish bo‘ldi. Xususan, Primorye o‘lkasida Farg‘ona viloyati mahsulotlari uchun savdo uyi va savdo-taqsimot markazini tashkil etish taklif qilindi.
Bunday markaz orqali Farg‘onadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quritilgan va yangi mevalarni nafaqat Rossiyaning boshqa hududlariga, balki Vyetnam va Xitoy bozorlariga ham yetkazib berishni tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari transport aloqalarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratdi. Tomonlar Farg‘ona va Primorye o‘lkasi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini muhokama qildi.
Bundan tashqari, logistika, turizm va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar aniq loyihalar ustida ishlashni davom ettirish hamda erishilgan kelishuvlar va tashabbuslarni amaliy bosqichga o‘tkazishga kelishib oldi.