Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘lib turgan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tog‘-kon sanoati vaziri Murod Hanifiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasida tog‘-kon va geologiya sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Baxtiyor Saidovning taʼkidlashicha, O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasidagi munosabatlar turli yo‘nalishlarda izchil kengayib bormoqda. Ushbu uchrashuv joriy yil iyun oyida uning Jazoirga tashrifi davomida bo‘lib o‘tgan muloqotning davomi bo‘lgani qayd etildi.
Muzokaralarda asosiy eʼtibor mineral resurslarni geologik o‘rganish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish sohasidagi hamkorlikka qaratildi.
Bundan tashqari, tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.