Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 20-yalpi majlisida qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, qurilish sohasi mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, investitsiyalarni jalb etish hamda zamonaviy infratuzilmani shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois sohada korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda nazorat mexanizmlarining samaradorligini taʼminlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Parlament so‘rovi doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaviy xavflarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, davlat xaridlarining shaffofligini taʼminlash, davlat arxitektura nazoratini kuchaytirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Jumladan, korrupsiyaviy xavflarni funksional baholash natijasida 95 ta past, 10 ta o‘rta va 1 ta yuqori xavfli yo‘nalish aniqlangan. Shuningdek, davlat arxitektura nazorati tadbirlari davomida 1,65 mingta qonunbuzilish holati hamda 1,1 mingta o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshoot aniqlangan. Mazkur holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, 624 ta holatda maʼmuriy choralar qo‘llanilgan, jarimalarning umumiy miqdori 68,6 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, sohada raqamli nazorat mexanizmlarini kuchaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan avtomatlashtirilgan tizim bilan taʼminlangan hamda “Notarius”, “E-ma‘muriy ish”, “Adolat” va “UzKad” axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.
Davlat xaridlari sohasida “Masofaviy audit” mexanizmidan foydalanish natijasida 3 mlrd so‘mlik tenderda qonunbuzilishning oldi olingan, 869,5 mln so‘mlik qonunbuzilish materiallari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Majlisda qurilish sohasida korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishda normativ talablarning aniq va tushunarli bo‘lishiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Vazirlik tomonidan 105 ta eskirgan normativ-texnik hujjat qayta ishlangan, 76 ta hujjatning majburiy maqomi bekor qilinib, maʼlumot uchun tavsiyaviy toifaga o‘tkazilgan.
Senatorlar o‘z chiqishlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda qonunbuzilish sodir etilganidan keyin chora ko‘rish bilan cheklanib qolmasdan, ularga imkon berayotgan tizimli omillarni bartaraf etish, inson omilini qisqartirish, qaror qabul qilish jarayonlarining shaffofligini taʼminlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha vazirlikka korrupsiyaviy xavflarni muntazam qayta baholash, yuqori xavfli yo‘nalishlar bo‘yicha nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning haqqoniyligi va to‘liqligini tahlil qilish, davlat xaridlarida shaffoflikni taʼminlash, arxitektura nazoratida aniqlangan qonunbuzilishlarning tizimli sabablarini bartaraf etish hamda raqamli nazorat mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.