O‘zbekiston

Toshkentda OTMga noqonuniy qabul qilish sxemasi aniqlandi

Toshkentda OTMga noqonuniy qabul qilish sxemasi aniqlandi
Toshkentda OTMga noqonuniy qabul qilish sxemasi aniqlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda DXX boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda fuqaroni xususiy oliy taʼlim muassasasining uchinchi kursiga noqonuniy tarzda qabul qilishga urinishni aniqladi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Idora maʼlumotiga ko‘ra, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilgan, Toshkentda yashovchi fuqaro boshqa bir fuqaroning ishonchini qozonib, undan 8 ming dollar talab qilgan. Evaziga u poytaxtdagi xususiy oliy taʼlim muassasalaridan biriga uchinchi kursga qabul qilishda yordam berishni vaʼda qilgan.

Sxemani amalga oshirish uchun gumonlanuvchi fuqaro go‘yoki ikki yil davomida Rossiyadagi oliy taʼlim muassasalaridan birida tahsil olganini tasdiqlovchi soxta hujjatlardan foydalanishni rejalashtirgan.

Erkak 7,5 ming dollar olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng tezkor tadbirlar davom ettirilgan.

Xuddi shu miqdordagi pulni olayotgan vaqtida Samarqand viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan va Toshkentda vaqtincha yashab kelgan yana bir fuqaro ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida sxemaga Yakasaroy tumani ichki ishlar bo‘limi inspektor-psixologi ham aloqador ekani aniqlangan. U ham 7,5 ming dollar olayotgan vaqtida ushlangan.

Ko‘rsatilgan shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.