Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Markaziy Osiyo mamlakatlari delegatsiyasi Konrad Adenauer jamg‘armasi raisi Annegret Kramp-Karrenbauer bilan uchrashdi.
Uchrashuv Italiyaning Kadenabbiya shahrida 17–19-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo: o‘z strategiyalari, mintaqaviy xavfsizlik va yangi hamkorlikni shakllantirish” mavzusidagi xalqaro ekspertlar uchrashuvi doirasida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari — parlament a’zolari, tashqi siyosat idoralari xodimlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Annegret Kramp-Karrenbauer Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati va mintaqani yanada mustahkamlash uchun mavjud ulkan salohiyatni alohida ta’kidladi.
“Men mintaqangiz naqadar muhim ekanini, u qanday strategik ahamiyatga egaligini va yanada kuchli bo‘lish uchun qanchalik katta salohiyatga ega ekanini yaxshi bilaman”, — dedi u.
Jamg‘arma raisining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoni yanada mustahkamlash mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil kengaytirish va chuqurlashtirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikning barqaror mexanizmlarini shakllantirish bilan bevosita bog‘liq. Uning ta’kidlashicha, bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy taraqqiyot ustuvorliklarini tobora faol ravishda mustaqil belgilamoqda va o‘zaro bog‘liqlik hamda ishonchni mustahkamlashga, shuningdek, butun mintaqaning izchil rivojlanishiga xizmat qiluvchi hamkorlikning amaliy shakllarini yo‘lga qo‘ymoqda.
Shu munosabat bilan A.Kramp-Karrenbauer Konrad Adenauer jamg‘armasi shu kabi siyosiy va ekspertlar uchrashuvlarini o‘tkazish orqali mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor ekanini ta’kidladi.
“Agar biz ham bu jarayonga, jumladan, bugungi fikr almashuvi orqali muayyan hissa qo‘sha olsak, bundan juda mamnun bo‘laman. Bu men uchun katta quvonch va faxrdir”, — dedi u.
A.Kramp-Karrenbauer uchrashuvning Germaniyaning birinchi federal kansleri Konrad Adenauer nomi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Kadenabbiyada o‘tkazilishi o‘ziga xos ramziy ahamiyatga ega ekaniga alohida e’tibor qaratdi.
Uning eslatishicha, K.Adenauer yoz oylarining katta qismini shu yerda o‘tkazgan, biroq uning Kadenabbiyada bo‘lishi amalda hech qachon oddiy ta’til bo‘lmagan. U Italiyada bo‘lgan vaqtida ham davlat ishlari bilan shug‘ullanishda davom etgan, har kuni ko‘plab mehmonlarni, jumladan, xorijiy vakillarni qabul qilgan, ichki va xalqaro siyosat masalalarini muhokama qilgan.
K.Adenauer bu yerda bo‘lgan yillarda “Villa La Collina” amalda muvaqqat federal kanslerlik qarorgohi vazifasini bajargan. Bu yerda yuqori martabali siyosat va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, Germaniyaning davlat va tashqi siyosatiga doir eng muhim masalalar muhokama qilingan. Konrad Adenauer jamg‘armasi bugun ham Kadenabbiyani xalqaro siyosiy va ekspertlar muloqoti makoni sifatida saqlab kelmoqda.
“Umid qilamanki, bu o‘ziga xos muhit va ushbu maskanning ruhi sizlarga ilhom bag‘ishlab, faoliyatingizda qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi A.Kramp-Karrenbauer.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov A.Kramp-Karrenbauerga uchrashuvda ishtirok etgani, mintaqaviy muloqotni qo‘llab-quvvatlagani hamda Jamg‘arma maydonida shu kabi tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdorlik bildirdi.
U siyosatchilar, parlament a’zolari, tashqi siyosat idoralari xodimlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlarini birlashtirgan uchrashuv ishtirokchilarining nufuzli tarkibiga alohida e’tibor qaratdi.
“Bu yerda haqiqatan ham siyosatchilar, parlamentlar va tashqi siyosat idoralari vakillari, shuningdek, mintaqa mamlakatlaridan ekspertlar va siyosiy arboblar — mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida faoliyat yuritayotgan insonlar ishtirok etmoqda. Ularning ko‘pchiligi bu yo‘nalishda ko‘p yillardan buyon ish olib bormoqda”, — dedi A.Ne’matov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, turli kasbiy doiralar vakillarini, ya’ni Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuv va hamkorlikni mustahkamlash jarayonlarida bevosita ishtirok etayotgan mutaxassislarni bir maydonda birlashtirish imkoniyati alohida ahamiyat kasb etadi. A.Ne’matov Konrad Adenauer jamg‘armasiga bunday muloqotni ko‘p yillar davomida qo‘llab-quvvatlab kelayotgani va ochiq fikr almashish uchun sharoit yaratayotgani uchun ham minnatdorlik bildirdi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuv o‘zgarib borayotgan jahon tartibida Markaziy Osiyoning o‘rni haqidagi keng qamrovli muloqotning bir qismi bo‘ldi. Muhokamalar markazida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, transport hamda suv-energetika sohalaridagi o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyoning mustaqil mintaqa sifatidagi mavqeyi va strategik avtonomiyasini mustahkamlash masalalari turdi.
Annegret Kramp-Karrenbauer 2026-yil 1-yanvardan Konrad Adenauer jamg‘armasiga rahbarlik qilib kelmoqda. U 2025-yil 19-dekabrda Bundestagning sobiq raisi Norbert Lammert o‘rniga Jamg‘arma raisi etib saylangan.
A.Kramp-Karrenbauer — so‘nggi o‘n yilliklardagi Germaniyaning eng taniqli siyosiy arboblaridan biri. U 2011–2018-yillarda Saar federal yeri bosh vaziri lavozimida ishlagan, 2018-yil dekabridan 2021-yil yanvariga qadar Germaniya Xristian-demokratik ittifoqiga (XDI) rahbarlik qilgan, 2019–2021-yillarda esa Germaniya federal mudofaa vaziri bo‘lgan. U 1981-yildan buyon XDI a’zosi hisoblanadi.