Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — FOLUR-O‘zbekiston loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatida konservatsion dehqonchilikni rivojlantirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish va resurs tejamkor texnologiyalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi.
Qarshi shahridagi Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida tashkil etilgan Trenerlar tayyorlash dasturida 20 nafar ilmiy xodim va qishloq xo‘jaligi mutaxassisi ishtirok etdi. Dastur FOLUR loyihasining barqaror va resurs tejamkor qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish hamda fermerlar, mutaxassislar va mahalliy tashkilotlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan 2.1-natijasi doirasida o‘tkazildi.
Ishtirokchilarga konservatsion dehqonchilikning asosiy tamoyillari, jumladan, tuproqqa ishlov bermasdan ekish — No-Till, ekin qoldiqlarini dala yuzasida saqlash, almashlab ekish, shuningdek, tuproq namligini saqlash va undan samarali foydalanish usullari bo‘yicha amaliy bilimlar berildi.
Taqdimotlar va muhokamalarda fermerlar bilan ishlash, texnik bilimlarni amaliy tavsiyalarga aylantirish, dala kuzatuvlari va ilmiy natijalardan o‘quv jarayonida foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Treningdan o‘tgan mutaxassislar o‘z bilim va tajribalarini fermerlarga yetkazish, Fermerlar dala maktablarini tashkil etish hamda ular orqali barqaror dehqonchilik amaliyotlarini kengroq joriy etishga ko‘maklashadi. Mazkur yondashuv bilimlarni “trenerdan fermerga, fermerdan amaliyotga” tamoyili asosida hududlarda bosqichma-bosqich ommalashtirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasidagi yana bir tadbir Qamashi tumanining Savsan qishlog‘idagi “Jo‘vli bobo o‘g‘li Baxtiyor” fermer xo‘jaligida o‘tkazildi. Dala namoyishida fermerlar, agronomlar, mexanizatorlar, ilmiy xodimlar va loyiha mutaxassislari No-Till texnologiyasi asosida bug‘doy ekish jarayoni bilan tanishdilar.
Namoyish davomida “Nushkent” navli bug‘doy 40 gektar maydonga maxsus No-Till seyalkasi yordamida ekildi. Ushbu maydonda avvalgi mavsumda ham bug‘doy yetishtirilgan. Yangi ekin mavsumi oldidan yer haydalmadi, somon va boshqa o‘simlik qoldiqlari tuproq yuzasida saqlab qolindi. Urug‘lar bevosita ushbu himoya qatlami orqali tuproqqa joylashtirildi.
Loyiha mutaxassislari No-Till seyalkasini ishga tayyorlash va sozlash, ekish chuqurligi, qatorlarning joylashuvi hamda urug‘larning bir tekis taqsimlanishini namoyish etdilar. Shuningdek, texnologiyani Qashqadaryoning tuproq va iqlim sharoitlarida qo‘llash bilan bog‘liq amaliy masalalar muhokama qilindi.
No-Till texnologiyasi tuproqqa mexanik ishlov berishni minimallashtiradi. Ekin qoldiqlarini tuproq yuzasida saqlash namlikni asrash, shamol va suv eroziyasini kamaytirish hamda tuproqdagi biologik faollik uchun qulay sharoit yaratishga yordam beradi. Tuproqqa ishlov berish operatsiyalarining qisqarishi yoqilg‘i sarfi, mehnat talabi va dalani ekishga tayyorlash uchun zarur vaqtni ham kamaytirishi mumkin.
No-Till usulida ekilgan 40 gektar namoyish maydoni vegetatsiya davri davomida kuzatib boriladi. Monitoring ekinlarning unib chiqishi va rivojlanishi, tuproq namligining saqlanishi, ekin qoldiqlarining ta’siri, resurslardan foydalanish hamda yakuniy don hosildorligini qamrab oladi. Natijalar texnologiyaning mahalliy sharoitdagi samaradorligini baholash va uni boshqa mos hududlarda joriy etish bo‘yicha amaliy ma’lumotlarni taqdim etadi.
FOLUR-O‘zbekiston loyihasi haqida
“O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi” — FOLUR-O‘zbekiston loyihasi barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish, yer resurslarini kompleks boshqarish, degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash va resurs tejamkor dehqonchilik amaliyotlarini joriy etishga qaratilgan.
Loyiha Global ekologik jamg‘arma (GEF)ning moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida amalga oshirilmoqda.