O‘zbekiston aeronavigatsiya bo‘yicha ikki xalqaro forumni birinchi bor qabul qiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston ilk bor aeronavigatsiya sohasidagi ikkita yirik xalqaro tadbirga mezbonlik qilmoqda. Toshkentda SOCEA‘ning uchinchi yillik umumiy yig‘ilishi ish boshladi, 9 sentyabr kuni poytaxtda CANSO Eurasia ANSP‘s Summit sammiti bo‘lib o‘tadi.
SOCEA AGM/3 tadbiri Yevropa va Osiyo aeronavigatsiya xizmatlari provayderlari, shuningdek, xalqaro aviatsiya tashkilotlari vakillarini bir joyga to‘pladi.
Yig‘ilish doirasida ishtirokchilar SOCEA faoliyati natijalarini, parvozlar xavfsizligiga oid dolzarb masalalarni, aeronavigatsiya xizmatlari provayderlari o‘rtasidagi hamkorlikni hamda mintaqaviy platformani rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlarini muhokama qiladi.
SOCEA Yevropa va Osiyo uchun aeronavigatsiya sohasida muvofiqlashtirish bo‘yicha mintaqaviy platforma hisoblanadi. U havo harakatini boshqarish sohasida hamkorlikni rivojlantirish, aeronavigatsiya xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, axborot va tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan.
Keyingi xalqaro tadbir CANSO Eurasia ANSP‘s Summit bo‘lib, u 9 sentyabr kuni Toshkentda o‘tkaziladi.
Sammitda havo harakatini boshqarish (ATM) tizimlarini, aloqa, navigatsiya va kuzatuv (CNS) tizimlarini rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llash hamda Green ATM konsepsiyasini rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratiladi.
Ishtirokchilar, shuningdek, havo harakati oqimlarini boshqarish (ATFM), havo hududidan samarali foydalanish va aeronavigatsiya xizmatlari provayderlari o‘rtasida chegaralararo muvofiqlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi.