Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1–18 sentyabr kunlari O‘zbekistonda shahar avtobuslarida chiptasiz harakatlangan 11 733 nafar yo‘lovchiga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Hujjatlar Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismi asosida tuzilgan. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
Vazirlikda taʼkidlanishicha, yo‘l haqini to‘lashdan tushgan mablag‘lar shahar jamoat transportining barqaror ishlashini taʼminlash, tizimni rivojlantirish va transport infratuzilmasini yana-da yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Yo‘lovchilardan avtobusga chiqish vaqtidayoq yo‘l haqini to‘lash so‘raldi.
Shahar avtobus yo‘nalishlarida nazorat tadbirlari rejali asosda o‘tkazilmoqda. Nazoratchilarning ishi maxsus dasturiy taʼminot maʼlumotlaridan foydalanish va ularni avvalgi davr ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash asosida tashkil etilgan.
Birinchi navbatda yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan, biroq yo‘l haqi to‘lovlaridan tushumlar kamaygan yo‘nalishlar tanlab olinadi. Bunday yo‘nalishlarda inspektorlar har kuni kuchaytirilgan reydlar o‘tkazmoqda.
Transport vazirligi shahar jamoat transporti tizimining barqaror ishlashini taʼminlashda yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash muhimligini taʼkidladi.