Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi avtobus va metro yo‘l haqining yangi eng yuqori tariflari to‘g‘risidagi qaror loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Hujjat tasdiqlangan taqdirda, o‘zgarishlar 2026 yil 1 oktyabrdan kuchga kirishi mumkin.
Loyihaga ko‘ra, naqd pulda to‘langanda bir marta yo‘l haqi hozirgi darajada, yaʼni QQSni hisobga olgan holda 3000 so‘m bo‘lib qoladi. Elektron to‘lov tizimi orqali bir martalik to‘lovda rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llangan holda tarifni 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirish taklif etilmoqda.
Bagaj uchun alohida tarif belgilash taklif qilingan. Bir yo‘lovchining bagajini tashish uchun QQSni hisobga olgan holda 4000 so‘m undirish rejalashtirilmoqda.
Loyihada transport kartalari uchun ham yangi tarif rejalari nazarda tutilgan bo‘lib, ularning narxi safarlar soniga qarab belgilanadi. Bundan tashqari, transport kartasidan foydalanilganda bir soat davomida shahar yo‘lovchi transportining turli yo‘nalishlari o‘rtasidagi peresadkalar sonini hisobga olgan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarini joriy etish taklif qilinmoqda.
Avtobusda cheklanmagan tarif uchun quyidagi variantlar taklif etilmoqda: bir kunga 6 ta safar uchun 11 500 so‘m, besh kunga 22 ta safar uchun 42 500 so‘m, bir haftaga 28 ta safar uchun 54 000 so‘m, 10 kunga 44 ta safar uchun 84 500 so‘m, 15 kunga 66 ta safar uchun 127 000 so‘m, 20 kunga 88 ta safar uchun 169 500 so‘m. 30 kunlik va bir oylik tarif 130 ta safar uchun 250 000 so‘mni tashkil etadi. Uch oyga 390 ta safar uchun 682 500 so‘m, olti oyga 780 ta safar uchun 1,17 mln so‘m, bir yilga esa 1560 ta safar uchun 1,95 mln so‘m belgilanishi taklif qilinmoqda.
Avtobus va metrodan foydalanish uchun bir kunlik tarif 7 ta safar uchun 13 500 so‘m, besh kunlik tarif 30 ta safar uchun 57 500 so‘m, bir haftalik tarif 38 ta safar uchun 73 000 so‘m, 10 kunlik tarif 60 ta safar uchun 115 500 so‘m, 15 kunlik tarif 90 ta safar uchun 173 000 so‘m va 20 kunlik tarif 120 ta safar uchun 231 000 so‘m bo‘lishi taklif etilmoqda.
Ushbu variantda 30 kunlik va bir oylik tarif 180 ta safar uchun 345 000 so‘mni tashkil etadi. Uch oyga 540 ta safar uchun 945 000 so‘m, olti oyga 1080 ta safar uchun 1,62 mln so‘m, bir yilga esa 2160 ta safar uchun 2,7 mln so‘m belgilanishi taklif qilinmoqda.
Transport kartalaridan foydalanuvchilar uchun safar paketlari ham nazarda tutilgan. 10 ta safar 19 000 so‘m, 20 ta safar 38 500 so‘m, 30 ta safar esa 57 500 so‘m turadi.
Ko‘rsatilgan barcha tarif rejalari to‘liq qiymatdan 23 foiz chegirmani nazarda tutadi. Bundan tarif amal qilish muddatiga qarab 30, 40 va 50 foiz miqdorida chegirmalar belgilangan uzoq muddatli rejalar mustasno.
Qaror qabul qilingan taqdirda, Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi ikki kun ichida tashkilotlar va tashuvchi korxonalar bilan tuzilgan tanlov hamda tender shartnomalariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi kerak bo‘ladi.
Tariflarni qayta ko‘rib chiqish masalasi jamoat transportini moliyalashtirish tizimini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar fonida muhokama qilindi. Iyul oyi oxirida Fiskal tahlil instituti brutto-shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarni ish sifati ko‘rsatkichlariga bog‘lash va hududlarda tashuvlarni rivojlantirishga mablag‘larni yana-da bir tekis yo‘naltirish tarafdori bo‘ldi.
Institut maʼlumotlariga ko‘ra, brutto-shartnomalar bo‘yicha byudjetning yillik xarajatlari 1,9 trln so‘mni tashkil etadi. Uning 1,3 trln so‘mi Toshkentdagi tashuvlarni subsidiyalashga to‘g‘ri keladi.
Jamoat transporti xarajatlarining 65 foizdan ortig‘i byudjet subsidiyalari hisobidan qoplanadi. Joriy yilda ushbu subsidiyalar hajmi rekord darajadagi 1,38 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.
Institut, shuningdek, yo‘lovchilar oqimi past bo‘lgan yo‘nalishlarni optimallashtirish, hududlarda jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish hamda aholining imtiyozli toifalariga manzilli yordamni saqlab qolgan holda tariflarni iqtisodiy jihatdan asoslangan darajaga yetkazishni taklif qilmoqda.