O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

Centrum Air Toshkentdan Haydarobodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi

Dilafro'z Niyazova · 04.09.2026 · 14:50 · 34 views
Centrum Air Toshkentdan Haydarobodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi
Centrum Air Toshkentdan Haydarobodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi / Foto: O'zbekiston Turizm Qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Centrum Air aviakompaniyasi 28 sentyabrdan Toshkent va Haydarobod shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Yangi yo‘nalish bo‘yicha parvozlar haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Yangi aviayo‘nalish O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi transport qatnovini kengaytirish hamda ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik almashinuvini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar Hindiston janubidagi yirik shaharlardan sayyohlarning Toshkentga yana-da qulay yetib kelishini taʼminlaydi. Yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi sayyohlar oqimini ko‘paytirish va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Haydarobod Hindiston janubidagi yirik shahar va Telangana shtati poytaxti hisoblanadi. Shahar mamlakatning texnologik markazlaridan biri sifatida tanilgan bo‘lib, uning tarixiy meʼmorchiligi zamonaviy biznes va IT infratuzilmasi bilan uyg‘unlashgan.

Toshkent va Haydarobod o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi sayyohlik, ishbilarmonlik hamda madaniy-gumanitar aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.