7
Iqtisod

O‘zbekistonda bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni avtomatlashtirish taklif qilindi

O‘zbekistonda bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni avtomatlashtirish taklif qilindi
O‘zbekistonda bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni avtomatlashtirish taklif qilindi / Foto: my.gov.uz.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi jismoniy shaxslar uchun yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini avtomatik rasmiylashtirish tizimini joriy etishni taklif qildi.

Tegishli hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portali — SOVAZda eʼlon qilindi. Tashabbus bo‘yicha muhokamalar 25 oktyabrga qadar davom etadi.

Loyihada yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirish va rasmiylashtirish bo‘yicha yo‘riqnomani avtomatlashtirilgan rasmiylashtirish tushunchasi bilan to‘ldirish nazarda tutilgan.

Taklifga ko‘ra, bunday holatlarda bojxona organlari tizimi maxsus algoritmlar asosida deklaratsiyalarni xodimlar ishtirokisiz qayta ishlaydi.

Avtomatik rasmiylashtirishdan faqat Bojxona qo‘mitasining xavflarni boshqarish tizimi past xavf darajasini belgilagan deklaratsiyalar o‘tishi mumkin.

Bunda deklaratsiyalarda valyuta qimmatliklari, olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan tovarlar, shuningdek, majburiy deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar haqida maʼlumotlar bo‘lmasligi kerak.

Loyihaga muvofiq, avtomatlashtirilgan rasmiylashtirish jarayonida bojxona xodimining elektron raqamli imzosi talab etilmaydi.

Hozirda hujjat jamoatchilik muhokamasi bosqichida bo‘lib, taklif etilayotgan tartib hali kuchga kirmagan.

Avvalroq, 2026 yil sentyabr oyi oxirida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini onlayn topshirish imkoniyati paydo bo‘lgan edi.

Ushbu xizmat fuqarolarga shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan tovarlarni, jumladan, mobil telefonlar, maishiy texnika, zargarlik buyumlari va boshqa qimmatbaho ashyolarni oldindan deklaratsiyalash imkonini beradi.

Onlayn to‘ldirilgan deklaratsiya davlat chegarasidan o‘tish vaqtida bojxona xodimiga taqdim etilishi kerak. Xizmat bepul ko‘rsatiladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.