Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Bangkokda Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yillik yig‘ilishlari doirasida Jahon bankining operatsion faoliyat masalalari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Byerde bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar mamlakatning yangi iqtisodiy o‘sish strategiyasi va Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) Toshkentda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuviga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri O‘zbekistonning kelgusi o‘n yillikdagi rivojlanish strategiyasini shakllantirish bo‘ldi. Bozor islohotlari natijasida mamlakat iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha qariyb 6 foiz o‘sdi, kambag‘allik darajasi esa sezilarli darajada pasaydi.
Tomonlar keyingi ustuvor vazifa sifatida ko‘proq sifatli ish o‘rinlarini yaratishni belgiladi.
Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining global uchrashuviga tayyorgarlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir 2026 yil 5–9 dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Unda donor mamlakatlar va tashkilotning imtiyozli moliyalashtirish mablag‘larini oluvchi davlatlar vakillari ishtirok etadi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ushbu yuqori darajadagi uchrashuvga mezbonlik qiladigan birinchi mamlakat bo‘ladi.
Ayni paytda O‘zbekiston hukumati Jahon bankining moliyaviy ko‘magida umumiy qiymati 5,4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 24 ta loyihani amalga oshirmoqda.
Jahon bankining investitsiya portfeli hajmi bo‘yicha O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida uchinchi o‘rinni egallaydi.