Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida Toshkentda qizamiqqa gumon qilingan 290 ta holat qayd etildi. Shu bilan birga, poytaxtda va umuman O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorligicha qolmoqda, kasallanish holatlari soni esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaydi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi maʼlum qildi.
Idora izohlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan raqamlar 2026 yil yanvar–sentyabr oylariga tegishli. Shu sababli ularni qisqa vaqt ichida aniqlangan yoki aynan hozirgi paytda qayd etilgan holatlar soni sifatida qabul qilmaslik kerak.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda qizamiqqa gumon qilingan 290 ta holat va bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 10 mingdan ortiq kishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Qo‘mita foydalanuvchilarni eʼlon qilingan maʼlumotlarni noto‘g‘ri talqin qilmaslikka va buzib ko‘rsatilgan axborotni tarqatmaslikka chaqirdi.
Idora bolalarni rejali emlash jarayoni haqida ham maʼlumot berdi. 2026 yilning to‘qqiz oyi davomida qizamiq, epidemik parotit va qizilcha kasalliklaridan himoya qiluvchi KPK kombinirlangan vaksinasi bilan bir yoshli 47 494 nafar bola va olti yoshli 42 767 nafar bola emlandi.