Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekistonda kitob o‘qishdagi yutuqlar uchun muddatli harbiy xizmatni qisqartirish taklif etildi

O‘zbekistonda kitob o‘qishdagi yutuqlar uchun muddatli harbiy xizmatni qisqartirish taklif etildi
O‘zbekistonda kitob o‘qishdagi yutuqlar uchun muddatli harbiy xizmatni qisqartirish taklif etildi / Foto: O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Hujjat harbiy xizmatning nufuzini oshirish, malakali kadrlar tayyorlash va ularning kasbiy salohiyatidan yana-da samarali foydalanish uchun sharoit yaratishga qaratilgan.

Qonun loyihasida O‘zbekistondagi va xorijiy harbiy oliy taʼlim muassasalarining uchuvchilar tayyorlashga ixtisoslashgan yo‘nalishlarini tamomlagan bitiruvchilar bilan yangi kontraktlar tuzishning huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilgan.

Taklif etilayotgan yana bir chora respublika miqyosidagi kitobxonlik tanlovida yuqori natijalarga erishgan chaqiriluvchilarga taalluqli.

Ularga muddatli harbiy xizmat davrini bir oyga qisqartirish taklif etilmoqda. Tashabbus mualliflarining fikricha, bu chora harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish, ularning maʼnaviy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yangi normalar harbiy uchuvchilarning malakasi va tajribasidan harbiy aviatsiyani yana-da rivojlantirish, shuningdek, Qurolli Kuchlarning kasbiy salohiyatini mustahkamlash uchun samaraliroq foydalanish imkonini berishi kutilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.