Shoshilinch
Moliya

O‘zbekiston Markaziy banki sentyabr oyida sakkizta bankni jarimaga tortdi

O‘zbekiston Markaziy banki sentyabr oyida sakkizta bankni jarimaga tortdi
O‘zbekiston Markaziy banki sentyabr oyida sakkizta bankni jarimaga tortdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki sentyabr oyida prudensial normativlarga, qonunchilik talablariga rioya etmagani va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun sakkizta bankka nisbatan jarima choralarini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Oy davomida Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi sakkizta yig‘ilish o‘tkazib, ularda 37 ta masalani ko‘rib chiqdi.

Ushbu masalalarning 21 tasi ro‘yxatdan o‘tkazish va ruxsat berish tartib-taomillariga taalluqli bo‘ldi.

Jumladan, qo‘mita kredit tashkilotlari ustavlariga kiritiladigan o‘zgartishlar, mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, yettita to‘lov tashkilotini litsenziyalash, kredit tashkilotlari ustav kapitalidan ulushlarga egalik qilish uchun ruxsatnomalar berish, shuningdek, banklar rahbarlari va asosiy xodimlari lavozimlariga nomzodlarni kelishish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Yana 16 ta masala kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holati bilan bog‘liq bo‘ldi.

Qo‘mita regulyator ko‘rsatmalari va prudensial normativlarga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari, shuningdek, tartibga solish sinov maydonchasi doirasida moliyaviy xizmatlarni sinovdan o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.