Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Doniyor Yusupov Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — Shahar kanallaridan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Yusupov Toshkent avtomobil-yo‘llar institutida oliy maʼlumot olgan. U mazkur oliy taʼlim muassasasining bakalavriat va magistratura bosqichlarini avtomobil yo‘llari va inshootlari qurilishi, shuningdek, avtomobil yo‘llari va aerodromlar yo‘nalishlari bo‘yicha tamomlagan.
Turli yillarda u Toshkent shahar yo‘l qurilishi va taʼmirlash tresti, Respublika yo‘l jamg‘armasi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi, Toshkent mintaqaviy yo‘llar bo‘yicha buyurtmachi xizmati hamda Yunusobod tumani hokimligida rahbarlik va masʼuliyatli lavozimlarda ishlagan.
Yangi lavozimga tayinlanguniga qadar Yusupov Yunusobod tumani hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhitni shakllantirish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.