Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yil 13 oktyabrda FIRST Global Challenge xalqaro robototexnika musobaqasi g‘oliblari va ularning murabbiylarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, O‘zbekiston terma jamoasining 14 nafar aʼzosi — ishtirokchilar, murabbiylar va menejerlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Musobaqa Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda taxminan 190 ta mamlakatdan yoshlar ishtirok etdi. Farmonda qayd etilishicha, O‘zbekiston terma jamoasi rekord natija ko‘rsatib, jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Ziyodulla Butaxonov «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.
Jamoa kapitani Ibrohim Salomov, texnik murabbiy Abdulloh Abdujabborov hamda menejerlar Safina Teshabayeva va Hasanxon Yusupxo‘jayev «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi.
Shuningdek, terma jamoaning to‘qqiz nafar aʼzosi — Shohruhbek Akbarov, Akbarshoh Qosimov, Ayubxon Mirahmedov, Umarbek Pardayev, Shukrullo Sodiqov, Mahkambek Teshabayev, Jasurbek Tojikuziyev, Baxodir Urmanov va Xondamir Urmanov ham «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlandi.
Farmonda taʼkidlanishicha, jamoa yuqori intellektual salohiyati, kasbiy mahorati, zamonaviy muhandislik sohasidagi chuqur bilim va malakasi uchun mukofotlangan.
Shuningdek, terma jamoaning O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish, yoshlarni ilm-fan, ilg‘or texnologiyalar, ixtirochilik va innovatsiyalarga jalb etishga qo‘shgan hissasi ham eʼtirof etilgan.