Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Kapitalbank” umumiy qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan obligatsiyalarning oltinchi chiqarilishini joylashtirishni rejalashtirmoqda. Obligatsiyalarni chiqarish to‘g‘risidagi qaror bank aksiyadorlarining 2026 yil 24 sentyabrda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida qabul qilindi.
Birta obligatsiyaning nominal qiymati 1 000 so‘mni, kupon stavkasi esa yillik 15 foizni tashkil etadi. Qimmatli qog‘ozlarning muomala muddati ikki yil etib belgilangan, kupon daromadlari har chorakda to‘lab boriladi.
Obligatsiyalarni cheklanmagan doiradagi shaxslar o‘rtasida ochiq obuna orqali joylashtirish rejalashtirilmoqda. Joylashtirish muddati u boshlangan sanadan eʼtiboran 90 kalendar kunini tashkil etadi.
Bundan tashqari, aksiyadorlar obligatsiyalarni yopiq obuna orqali chiqarish to‘g‘risida ham qaror qabul qildi. Ushbu chiqarilish hajmi ham 100 milliard so‘mni, muomala muddati esa ikki yilni tashkil etadi. Mazkur obligatsiyalar bo‘yicha kupon to‘lovlari har oy amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, yopiq obuna orqali joylashtiriladigan obligatsiyalar bo‘yicha kupon stavkasi O‘zbekiston Markaziy bankining asosiy stavkasiga 1 foiz bandi qo‘shilgan holda belgilanadi.