Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2027 yil 1 yanvardan boshlab shakar miqdoriga qarab, alkogolsiz ichimliklarga majburiy rangli markirovka joriy etishni taklif qildi.
Hukumat qaroriga tegishli loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.
Hujjatga muvofiq, yangi talablar mahalliy ishlab chiqarilgan, shuningdek, mamlakatga import qilinadigan ichimliklarga nisbatan qo‘llaniladi.
Ogohlantiruvchi yozuvlarni qadoqning old qismiga joylashtirish taklif etilmoqda. Ular qadoq umumiy maydonining kamida 15 foizini egallashi va xaridorlarga yaqqol ko‘rinib turishi kerak.
Loyihada markirovkaning uchta toifasi nazarda tutilgan. Agar mahsulotning har 100 millilitrida 5 grammdan 8 grammgacha shakar bo‘lsa, sariq fonda qora rangda «O‘RTACHA SHAKAR MIQDORI» degan yozuvdan foydalanish taklif etilmoqda.
Tarkibida 8 grammdan 11 grammgacha shakar bo‘lgan ichimliklar uchun to‘q sariq fonda «YUQORI SHAKAR MIQDORI» degan ogohlantiruvchi yozuv nazarda tutilgan.
Shakar miqdori 11 gramm va undan ko‘p bo‘lgan mahsulotlarga esa qizil fonda oq rangda «JUDA YUQORI SHAKAR MIQDORI — TEZ-TEZ ISTEʼMOL QILISH SOG‘LIQ UCHUN ZARARLI» degan yozuvni joylashtirish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, qadoqlarda mahsulot tarkibi, kaloriyasi va tavsiya etilgan kunlik isteʼmol meʼyori haqidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan QR-kodlarni joylashtirish rejalashtirilmoqda.
Tashabbusning alohida qismi laboratoriya nazoratiga bag‘ishlangan. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga 2027 yil 1 martga qadar shakar miqdorini tahlil qilishning yagona metodikasini tasdiqlash, 1 sentyabrga qadar esa akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tegishli tadqiqotlarni o‘tkazishni tashkil etish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, idora belgilangan ko‘rsatkichlardan ortiq shakar saqlaydigan ichimliklar reyestrini har chorakda eʼlon qilib borishi kerak bo‘ladi.
2027 yil 1 dekabrga qadar shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklarni monitoring qilish uchun raqamli platformani ishlab chiqish va bosqichma-bosqich ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu platformani operatori CRPT Turon bo‘lgan milliy raqamli markirovka tizimi — Asl Belgisi tarkibidagi modul sifatida yaratish taklif etilmoqda. Bu bir xil maʼlumotlarni takroran kiritishning oldini olish imkonini beradi.
Platformada har bir mahsulotning 100 millilitridagi shakar yoki uglevodlar miqdori, shuningdek, unda qo‘llaniladigan shirinlashtiruvchi moddalar haqidagi maʼlumotlarni hisobga olish nazarda tutilgan.
Tizim «Raqamli hukumat» idoralararo platformasi orqali Soliq qo‘mitasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Laboratoriya tadqiqotlari natijalari ichimlikning deklaratsiyada ko‘rsatilgan tarkibi bilan amaldagi tarkibi o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash uchun qo‘llaniladi.
Umumlashtirilgan maʼlumotlarni ochiq formatda eʼlon qilish, platformani esa GS1 Digital Link xalqaro standartiga muvofiqlashtirish taklif etilmoqda. Tizimni ishlab chiqish va texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
2028 yil 1 yanvarga qadar Bojxona qo‘mitasiga import qilinadigan alkogolsiz ichimliklardagi shakar miqdorini elektron deklaratsiyalash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, loyihada markirovkasi yangi talablarga muvofiq bo‘lmagan mahsulotlarni mamlakatga olib kirishni taqiqlash nazarda tutilgan.
2027 yil 1 yanvardan boshlab taʼlim muassasalarida belgilangan qoidalarni buzgan holda markirovkalangan alkogolsiz ichimliklar savdosini ham bosqichma-bosqich cheklash taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga shakar miqdori yuqori bo‘lgan ichimliklarni muntazam ravishda nazorat tartibida xarid qilish hamda aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish vazifasini yuklash taklif etilmoqda.
Taqdim etilgan hujjat hukumat qarori loyihasi hisoblanadi. Unda ko‘rsatilgan chora-tadbirlar qaror qabul qilingan taqdirda joriy etilishi nazarda tutilgan.