7
Iqtisod

O‘zbekiston va SDSN Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha hamkorlikka kelishdi

O‘zbekiston va SDSN Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha hamkorlikka kelishdi
O‘zbekiston va SDSN Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha hamkorlikka kelishdi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonespublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Barqaror rivojlanish bo‘yicha yechimlar tarmog‘i (SDSN) hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

2026 yil 19 oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan seminar doirasida imzolangan hujjat SDSNning mamlakatda rasmiy faoliyatini boshlashi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish borasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos yaratadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Seminarda tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va barqaror rivojlanish sohasidagi ekspertlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning BRMga erishish borasidagi natijalarini, milliy va xalqaro monitoringni takomillashtirish yondashuvlarini, shuningdek, ko‘rsatkichlarni hududlar kesimida tahlil qilish usullarini ko‘rib chiqdilar.

Deklaratsiyaning imzolanishi xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, SDSNning ilmiy va ekspertlik salohiyatidan foydalanishni taʼminlash hamda xalqaro metodikalarni milliy amaliyotga joriy etishga ko‘maklashishga qaratilgan.

Seminar davomida SDSN mutaxassislari Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksi (SDG Index) metodologiyasini taqdim etdilar. Jumladan, ular ko‘rsatkichlarni tanlash va baholash, maʼlumotlarni normallashtirish va umumlashtirish, shuningdek, maqsadlarga erishish dinamikasini kuzatib borish tamoyillari haqida maʼlumot berdilar.

O‘zbekistonning milliy va mintaqaviy ko‘rsatkichlarini o‘zaro taqqoslash hamda mavjud maʼlumotlardan yana-da samarali foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ishtirokchilar, shuningdek, BRM monitoringida geografik axborot tizimlari va Yerni masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llashni muhokama qildilar. Bunda yerlar degradatsiyasini baholash bo‘yicha xalqaro yondashuvlar ham ko‘rib chiqildi.

Muhokamalarning yana bir yo‘nalishi barqaror rivojlanish bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash masalalari bo‘ldi.

Ekspertlar BRM bajarilishini baholashning milliy tizimini xalqaro yondashuvlar bilan muvofiqlashtirish va hududlar darajasida maʼlumotlar sifatini oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

SDSN delegatsiyasining tashrifi doirasidagi seminar va boshqa tadbirlar xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi taraqqiyotini baholash vositalarini takomillashtirishga qaratilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.