7
Iqtisod

Turkiyalik investorlar O‘zbekistonning 30 ta aktivini 350 mln dollarga sotib oldi

Turkiyalik investorlar O‘zbekistonning 30 ta aktivini 350 mln dollarga sotib oldi
Turkiyalik investorlar O‘zbekistonning 30 ta aktivini 350 mln dollarga sotib oldi / Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiyalik investorlar so‘nggi yillarda O‘zbekistonning umumiy qiymati qariyb 350 mln dollar bo‘lgan 30 dan ortiq davlat aktivini sotib oldi.

Turkiyaning mamlakat iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 10 mlrd dollarga yetdi. Ushbu maʼlumotlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) direktori Sohibjon Murodov 19 oktyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan SamAuto Supplier Day xalqaro ishbilarmonlik uchrashuvida taqdim etdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirda ikki mamlakat davlat organlari, sanoat korxonalari va ishbilarmon doiralarining 150 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

Murodov turkiyalik investorlar uzoq muddatli strategik hamkorlar sifatida ko‘rilishini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish faqat davlat aktivlarini xususiy mulkdorlarga o‘tkazishni emas, balki investitsiyalarni jalb qilish, korxonalarni modernizatsiyalash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishni ham nazarda tutadi.

Uchrashuvda SamAuto korxonasini xususiylashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. 2025 yilda Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi korxonaning 75,2 foiz ulushini sotib olgan edi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi baholashicha, ushbu bitim ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.

Agentlik turkiyalik investorlarni xususiylashtirish jarayonlarida yana-da faol ishtirok etishga hamda O‘zbekistonda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlaridan foydalanishga chaqirdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.