Iqtisod

O‘zbekiston va Latviya yangi loyihalar hamda investitsiyalarni muhokama qildi

O‘zbekiston va Latviya yangi loyihalar hamda investitsiyalarni muhokama qildi
O‘zbekiston va Latviya yangi loyihalar hamda investitsiyalarni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 8 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston — Latviya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat davlat organlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Tadbir Latviya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.

Forum ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga qaratildi.

Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchilari Alisher Shayxov va Jamil Masʼudiy, Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Girts Yaunzems, shuningdek, «Boltiqbo‘yi — Markaziy Osiyo» iqtisodiy rivojlanish assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Aleksandr Vidyakin ishtirok etdi.

Latviya delegatsiyasi tarkibidan transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, moliya hamda investitsiyalar sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlari o‘rin oldi.

Forum davomida Latviya biznesi vakillari o‘z kompaniyalari, mahsulotlari va xizmatlarini, shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirish uchun istiqbolli bo‘lgan loyihalarni taqdim etdilar. O‘zbekiston tomoni ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Kompaniyalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar latviyalik tadbirkorlar bilan ikki tomonlama B2B muzokaralarini o‘tkazish, yangi hamkorlarni topish imkoniyatlari, qo‘shma loyihalar va investitsiya tashabbuslarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Forum yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Latviya ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.