Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 6 oktyabr kuni Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Simon Giger bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Farmatsevtika va sanoat sohalari, energetika, geologiya va konchilik, shuningdek, oziq-ovqat sanoatidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston–Shveysariya savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda «Shveysariya kunlari»ni o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Laziz Qudratov va Simon Giger O‘zbekiston–Shveysariya iqtisodiy sherikligini yana-da mustahkamlash hamda belgilangan yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini tasdiqladi.