Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati Germaniyaning GLOTECH GmbH kompaniyasi bilan energiyani tejash, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va energiya samaradorligini oshirish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Ushbu masalalarni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniyaning direktorlar kengashi aʼzosi Yevgeniy Superfin boshchiligidagi delegatsiya bilan muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Uchrashuv ishtirokchilari GLOTECH mutaxassislari tomonidan viloyatda o‘tkazilgan tadqiqotlar va asboblar yordamida amalga oshirilgan diagnostika natijalarini, shuningdek, korxonalarda energiya sarfini kamaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Ishlab chiqarish uskunalarini diagnostika qilish uchun raqamli yechimlarni joriy etish va onlayn monitoring tizimlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Kompaniya vakillari dasturiy taʼminot ishlab chiqish, telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va integratsiya qilish, shuningdek, IT-infratuzilmani yaratish borasidagi tajribalari haqida ham maʼlumot berdilar.
Muzokara ishtirokchilarining baholashicha, bunday yechimlarni sanoat korxonalari va qishloq xo‘jaligida, jumladan, suv nasoslari hamda sovitish uskunalaridan foydalanish jarayonlarida qo‘llash iqtisodiy samaradorlikni oshirishi mumkin.
Uchrashuv davomida energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Tomonlar GLOTECH Energy qo‘shma korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tgani va amaliy faoliyatini boshlaganini taʼkidladilar.
Muzokaralar yakunlariga ko‘ra, hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirish, raqamli yechimlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish va viloyatda energiya samaradorligini oshirish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.