Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airports O‘zbekiston aeroportlari yaqinida atmosfera havosi sifatini monitoring qilish uchun avtomatik stansiyalar o‘rnatmoqda. Uskunalar Samarqand va Farg‘onada allaqachon o‘rnatilgan. Keyinchalik shunga o‘xshash stansiyalarni mamlakatning boshqa aeroportlari yaqinida ham joylashtirish rejalashtirilgan.
15 oktyabr kuni Farg‘onada stansiya o‘rnatildi. Samarqandda esa uskunalarni montaj qilish va sozlash ishlari 9 oktyabr kuni yakunlangan.
Stansiyalar aeroportlarning sanitariya-himoya zonalarida joylashtiriladi va atmosfera havosi holatini sutka davomida uzluksiz kuzatish uchun mo‘ljallangan. Ular azot dioksidi, oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi, ozon, ammiak va vodorod sulfidi, shuningdek, PM2.5 va PM10 mayda zarrachalarining konsentratsiyasini o‘lchaydi.
Bundan tashqari, tizim havo harorati va namligini, atmosfera bosimini, shamol tezligi va yo‘nalishini qayd etadi. Olingan maʼlumotlar atrof-muhit holatini monitoring qilish tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga avtomatik ravishda uzatiladi. Bu havo sifatidagi o‘zgarishlarni kuzatish, o‘lchov natijalaridan ekologik vaziyatni baholash va zarur choralarni ko‘rishda foydalanish imkonini beradi.
Loyiha ekologiya sohasini transformatsiya qilishga qaratilgan Prezidentning 81-son farmoni hamda sanoat korxonalarining atrof-muhitga zararli taʼsirini kamaytirishga yo‘naltirilgan Vazirlar Mahkamasining 783-son qarori doirasida Malkam Environmental Technologies kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Stansiyalarni o‘rnatish Uzbekistan Airports kompaniyasining ekologik nazoratni kuchaytirish va aeroportlar faoliyatining atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish bo‘yicha ishlarining bir qismidir.