7
Iqtisod

“O‘zbekneftgaz” neft bazalari ilk bor sof foydaga chiqdi

“O‘zbekneftgaz” neft bazalari ilk bor sof foydaga chiqdi
“O‘zbekneftgaz” neft bazalari ilk bor sof foydaga chiqdi / Foto: “O‘zbekneftegaz” AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi neft bazalari to‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, tizim tarixida birinchi marta sof foyda bilan ishladi. Moliyaviy natija 25,2 mlrd so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida esa 108,3 mlrd so‘m zarar qayd etilgan edi. Yil boshida foyda bilan ishlayotgan neft bazalari soni uchtani tashkil etgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 13 taga yetdi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” axborot xizmati xabar berdi.

Ijobiy dinamika kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida neft bazalari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar fonida qayd etildi. To‘qqiz oylik natijalar va kelgusi vazifalar A. Xudoyberganov rahbarligida «Kuchlik neft bazasi» MCHJda o‘tkazilgan amaliy seminarda muhokama qilindi.

Hisobot davrida neft bazalari orqali 191 ming tonna neft mahsulotlari sotildi. Bu o‘tgan yilning to‘qqiz oyidagi ko‘rsatkichdan 1,7 baravar ko‘p. Avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida kunlik yoqilg‘i sotish hajmi yil boshidagi 245 ming litrdan 1,237 mln litrgacha oshdi.

Shu bilan birga, tarmoq infratuzilmasini yangilash ishlari ham olib borildi. 121 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi zamonaviy AYOQSHga aylantirildi, yana 56 ta shoxobchada 87 ta yangi yoqilg‘i tarqatish qurilmasi o‘rnatildi.

Qarzdorlik ham sezilarli darajada qisqardi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldidagi majburiyatlar 296,7 mlrd so‘mga, isteʼmolchilarning debitorlik qarzi esa 56,8 mlrd so‘mga kamaydi.

O‘zgarishlarning alohida yo‘nalishlaridan biri hisob-kitob va sotuv nazoratini raqamlashtirish bo‘ldi. 60 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga videokuzatuv tizimlari o‘rnatildi. Ularning o‘ntasi kompaniya markaziy apparatidagi vaziyatlar markaziga ulandi. Qolgan obyektlarda ishlar davom ettirilmoqda.

Kompaniyada neft mahsulotlari harakati va sotuvini markazlashgan tarzda nazorat qilish operatsiyalar shaffofligini oshirish, moliyaviy intizomni mustahkamlash va korrupsiya xavflarini kamaytirishga yordam beradi, deb hisoblanmoqda.

Kelgusidagi ustuvor vazifalar qatoriga kunlik sotuv hajmini oshirish, tasdiqlangan dizayn asosida AYOQSHlarni bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish hamda neft bazalari va yoqilg‘i quyish shoxobchalarini to‘liq raqamlashtirish kiradi.

To‘liq raqamlashtirish doirasida elektron temir yo‘l tarozilari, neft mahsulotlarining sathi va zichligini o‘lchash uskunalari, zamonaviy yoqilg‘i tarqatish qurilmalari va intellektual kuzatuv kameralarini o‘rnatish, shuningdek, tizimlarni 1S dasturi bilan integratsiya qilish nazarda tutilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.